«Demokrat.uz» rahbari tovlamachilikda gumon qilinmoqda
Toshkentda «Demokrat.uz» rahbari va blogerga nisbatan jinoyat ishi ochildi. IIBB ular 50 ming dollar talab qilganini ma’lum qildi.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan «Demokrat.uz» internet nashri rahbari Fazliddin Mehmonov hamda bloger Aziz G‘oipnazarovгa nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda IIBB matbuot xizmati rasmiy axborot tarqatdi.
Ma’lumotga ko‘ra, ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi «a» bandi — tovlamachilik aybi bilan ish ochilgan. Tergov organlari ularni tadbirkordan yirik miqdorda pul talab qilishda gumon qilmoqda.
Tergov versiyasiga ko‘ra, 2025 yil 15-dekabr kuni bloger Sergeli tumanidagi avtosalon faoliyatini obro‘sizlantiruvchi videomaterial tayyorlab, uni internet tarmoqlariga joylashtirgan. Bu holat tadbirkorning ishchanlik obro‘siga putur yetkazgani aytiladi.
Ayblov tafsilotlari
Rasmiy ma’lumotda qayd etilishicha, Mehmonov va G‘oipnazarov videoni ijtimoiy tarmoqlardan o‘chirish hamda tadbirkorni obro‘sizlantiruvchi alohida materialni ommaviy axborot vositalarida e’lon qilmaslik evaziga jabrlanuvchidan 50 ming dollar talab qilgan.
2026 yil 29-yanvar kuni Mehmonov jabrlanuvchidan 3 ming dollar olgani, 10-fevral kuni esa 17 ming dollarni olayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan daliliy ashyolar bilan ushlangani bildirildi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. IIBB ish bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar keyinchalik taqdim etilishini ma’lum qilgan.
Kecha, 11-fevral kuni Vaqt.uz o‘z manbalariga tayanib, Mehmonov ushlangani hamda ayni vaqtda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida saqlanayotgani haqida xabar bergan edi.
Teglar






