
Dollar 50 yildagi eng yomon holatga keldi
10.07.2025 | 22:4030614
Goldman Sachs Group tahlilchilari dollarning yana xavfli valyutaga aylanishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

So‘nggi haftalarda AQSH dollari kursi tebranishlari kamayganiga qaramay, investitsiya banki tahlilchilari Amerika valyutasining yana "xatarliroq" aktiv sifatida savdoga chiqishi mumkinligining ko‘plab sabablarini ko‘rsatmoqda.
AQSH prezidenti Donald Trampning savdo urushlari tahdidlari tufayli dollarning bu yilgi keskin qadrsizlanishi uning "xavfsiz boshpana" maqomini yo‘qotishi to‘g‘risidagi taxminlarni kuchaytirdi. Goldman tahlilchilari bunday ssenariyni bashorat qilmasalar-da, ekspertlarning fikricha, qisqa muddatda valyuta beqaror holatda qolishi mumkin.
Mutaxassislarning fikricha, 2025 yilning "yorqin" tendensiyalaridan biri dollar kursining AQSH aksiyalari bilan birgalikda tushish moyilligining kuchayishi bo‘ldi. Bu yil bunday dinamika o‘tgan 10 yilga nisbatan ikki barobardan ko‘proq kuzatildi. Goldman Sachs ta’kidlashicha, Amerika aktivlarining jozibadorligi pasayishining yanada tashvishli belgisi ham mavjud - bu aksiyalar, g‘azna obligatsiyalari va dollarning bir vaqtning o‘zida qadrsizlanishi bo‘lib, bu holat ham tez-tez uchray boshladi.
26 iyun kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Federal zaxira tizimi rahbari lavozimiga bir nechta nomzodi borligini aytganidan so‘ng, dollar kursi 2022 yildan buyon eng past darajaga tushdi. The Wall Street Journal nashrining taxminiga ko‘ra, Tramp bu nomzodni kuzda e’lon qilishi mumkin, ammo amaldagi Federal zaxira raisi Jerom Pauellning vakolatlari 2026 yil may oyigacha davom etadi.
Dollar indeksi yilning birinchi yarmida 10 foizdan ko‘proq qiymatini yo‘qotdi. Financial Times gazetasining yozishicha, bu AQSH valyutasining 1973 yildan buyon eng yomon ko‘rsatkichi bo‘ldi. Shuningdek, AQSH dollari kursi dinamikasi 2009 yildan beri ketma-ket olti oylik davr ichida eng past darajaga tushdi. FT ning ta’kidlashicha, Amerika valyutasining zaiflashishiga AQSH prezidenti Donald Tramp olib borayotgan savdo va iqtisodiy siyosat sabab bo‘lgan.





