
Dollar jamg‘arishdan voz kechayotgan o‘zbeklar, banklarning insofsiz amaliyotlariga ogohlantirish va tik oyoqda gaplashgan Putin hamda Mirziyoyev — 12-dekabr dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

O‘zbekistonliklar pullarini dollarda jamg‘arishdan voz kechmoqda — Markaziy bank
O‘zbekistonda aholi va biznes dollarda omonat saqlashdan tobora voz kechayotgani kuzatilmoqda. Markaziy bank tadqiqotiga ko‘ra, milliy valyutaga ishonch oshishi va inflatsiya barqarorlashuvi tufayli dollarlashuvning tabiiy darajasi 2020 yildagi 24,5 foizdan 2025 yil oktabrida 17,8 foizga tushgan. Uning uzoq muddatli tabiiy ko‘rsatkichi ham 19,3 foiz etib baholanmoqda. Bu aholi tajribasidagi qadrsizlanish xavfining susayishi va so‘mda omonat saqlashga qaytish jarayonini aks ettiradi.
Tadqiqotda aytilishicha, almashuv kursining tebranuvchanligi oshgan bo‘lsa-da, 2025 yilda narxlar keskin o‘smagani milliy valyutadagi omonatlarga ishonchni mustahkamlagan. Muddatli depozitlarda dollar ulushi yuridik shaxslarda 2019 yilgi 48,2 foizdan 20,5 foizga, jismoniy shaxslarda esa 32,6 foizdan 22,5 foizgacha kamaygan. Markaziy bank fikriga ko‘ra, dollarlashuvning pasayishi makroiqtisodiy barqarorlik va monetar siyosat samaradorligini kuchaytiruvchi omil bo‘ladi.
Jahon banki ta’lim krediti uchun O‘zbekistonga 250 mln dollar ajratdi
Mablag‘lar oliy, texnik va kasb-hunar ta’limida talabalarni moliyalashtirish tizimini tubdan yangilashga qaratilgan «EduImkon» dasturiga yo‘naltiriladi. Dastur 2026–2028 yillarda amalga oshirilib, mamlakat bo‘ylab 600 mingga yaqin yosh uchun ta’lim kreditlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishi belgilangan.
Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, ajratiladigan mablag‘larning 80 foizi kam ta’minlangan oilalar farzandlari va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. «EduImkon» doirasida kredit arizalarini ko‘rib chiqish tizimi soddalashtiriladi, to‘liq onlayn platforma joriy etiladi hamda vazirlik va idoralar o‘rtasidagi muvofiqlashuv kuchaytiriladi. Bu orqali kredit ajratish jarayonida tezlik, shaffoflik va tahlil imkoniyatlari oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Markaziy bankdan barcha tijorat banklariga ogohlantirish
Markaziy bank ayrim tijorat banklari mobil ilovalar orqali iste’molchilarni majburiy ofertalarga rozi bo‘lishga majburlayotgani, bir nechta xizmatning shartlarini birlashtirib, foydalanuvchiga asossiz rozilik olmoqdagi amaliyotlarini aniqladi. Regulyatorga ko‘ra, ko‘p sahifali «bosh oferta»lar mijozni o‘z xohishidan tashqari xizmatlarga rozi bo‘lishga olib kelmoqda, bu esa keyinchalik bank–mijoz munosabatlarida nizolarga sabab bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, ayrim banklarda kredit kartalaridagi muddati o‘tgan qarzdorlik bo‘yicha avtomatik blokirovka va mablag‘ kiritilgandan keyin ham asossiz komissiya undirish holatlari kuzatilgan. Markaziy bank bu amaliyotlarni adolat va insof tamoyillariga zid deb baholab, banklardan ofertalarni faqat tanlangan xizmatga doir ravshan shartlar bilan taqdim etishni, mijozni boshqa xizmatlarga majbur qilmaslikni va komissiyalarni belgilashda shaffoflikka qat’iy rioya etishni talab qildi.
Mirziyoyev va Putin Ashxobodda tik oyoqda suhbat qurdi
Ashxobodda o‘tayotgan Xalqaro tinchlik va ishonch yili, Xalqaro betaraflik kuni hamda Turkmanistonning doimiy betarafligining 30 yilligiga bag‘ishlangan forum boshlanishi oldidan Rossiya prezidenti Vladimir Putin va O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev qisqa muloqot o‘tkazdi. RIA Novosti xabar qilishicha, prezidentlar umumiy suratga tushish marosimidan so‘ng bir necha dakiqa gaplashib olishgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Putin va Mirziyoyev marosimdan keyin birgalikda majlis zaliga yo‘l olgan va shu paytda o‘zaro fikr almashishga muvaffaq bo‘lgan. Prezidentlar bir-birini quchoqlab qo‘yishgan.
O‘zbekistonliklar asosan qaysi xorijiy mamlakatlarda ta’lim olmoqda?
Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2025 yil yanvar–oktabr oylarida 26,4 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi o‘qish maqsadida xorijga safar qilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,1 ming nafarga kamaygan bo‘lib, pasayish 18,9 foizni tashkil etdi.
Qayd etilishicha, eng ko‘p — 5 863 nafar o‘zbekistonlik talaba Rossiyada o‘qimoqda. Tojikistonga borganlar soni ham deyarli shunga yaqin, u yerda 5 761 nafar talaba tahsil olmoqda. Janubiy Koreya 3 344 nafar talabani jalb etgan bo‘lsa, Qirg‘izistonni 3 835 nafar fuqaro tanlagan.
Shuningdek, Turkiya (2 256 nafar) va Xitoy (1 186 nafar) ham o‘qish uchun mashhur yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Qozog‘istonda o‘qiyotganlar soni esa 1 014 nafarni tashkil etdi.





