
Dollar kursi nimalarga bog‘liq?
30.05.2025 | 18:2043045
Odamlar orasida dollar kursining oshishiga banklarning «narxni ataylab ko‘tarishi» sabab degan tushuncha keng tarqalgan. Aslida esa valyuta kursi bozordagi talab va taklifdan tortib, xalqaro moliyaviy vaziyatgacha bo‘lgan omillarga bog‘liq ravishda shakllanadi.

Dollar kursi — uning milliy valyutadagi, ya’ni so‘mdagi bahosi hisoblanadi. Ko‘pchilik uning oshishi yoki tushishi banklar siyosatidan kelib chiqadi, deb o‘ylaydi. Ammo kurs o‘zgarishiga ta’sir etuvchi omillar ko‘p va turlicha. Ulardan asosiylari quyidagilar:
Iqtisodiy bozor qonuniga ko‘ra, agar dollarga talab yuqori, taklif esa cheklangan bo‘lsa, uning narxi — ya’ni kursi oshadi. Aksincha, dollar taklifi ko‘payib, unga talab kamaysa, kurs pasayadi.
Mamlakatda inflyatsiya past, iqtisod barqaror bo‘lsa, aholi so‘mda tejamkorlikni afzal ko‘radi. Bu dollarga talabni kamaytiradi. Agar narx-navo ko‘tarilib, aholi real daromadi kamaysa, odamlar mablag‘ini dollarda saqlashga urinadi. Natijada valyutaga talab oshadi va kurs ko‘tariladi.
Dunyodagi geosiyosiy tangliklar, inqirozlar yoki urushlar dollarning "ishonchli valyuta" sifatida ahamiyatini oshiradi. Bu global darajada unga talabni oshirib, kursning o‘sishiga olib keladi.
O‘zbekistonga xorijdan keladigan pul miqdori — mehnat migrantlari va sarmoyalar hisobidan — dollar taklifini ko‘paytirsa, kursga bosim tushadi. Agar pul o‘tkazmalari kamaysa, dollar kamayib, narxi o‘sadi.
O‘zbekiston Markaziy banki valyuta bozoridagi muvozanatni saqlash uchun intervensiyalar amalga oshiradi — dollar sotadi yoki xarid qiladi. Shu orqali kursga qisqa muddatli ta’sir ko‘rsata oladi. Shuningdek, bankning asosiy foiz stavkalari ham valyutaga talabga ta’sir ko‘rsatadi.
Davlatning tashqi qarzlari va import hajmi qancha ko‘p bo‘lsa, ularni qoplash uchun dollarga ehtiyoj shuncha yuqori bo‘ladi. Bu ham kursning o‘sishiga olib keladi. Eksport o‘sishi esa aksincha, mamlakatga dollar kelib tushishini ta’minlab, valyuta kursini pasaytirishi mumkin.
Dollar kursi ko‘plab ichki va tashqi iqtisodiy omillar ta’sirida shakllanadi. Unga faqat banklarning qarori emas, balki bozordagi voqeliklar ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, valyuta bozoridagi o‘zgarishlarni chuqur tahlil qilish va uning sabablarini to‘g‘ri tushunish muhim ahamiyatga ega.





