
Donald Tramp Nobel Tinchlik mukofotidan quruq qolganga o‘xshaydi
10.10.2025 | 12:3032024
Nobel qo‘mitasi bu yilgi tinchlik yo‘nalishidagi sovrindorni G‘azo bo‘yicha tinchlik kelishuvi tuzilishidan oldinoq bu yilgi sovrindorni tanlab bo‘lgan. Polymarket platformasi Trampning mukofot olish ehtimoliga atigi 3 foiz bermoqda.

Nobel qo‘mitasi 2025 yilgi Tinchlik mukofoti sohibi haqidagi qarorni G‘azo bo‘yicha kelishuv tuzilishidan ancha oldin qabul qilgan. Bu haqda Le Monde nashri Norvegiya Nobel instituti vakili Erik Oshaym bayonotiga tayanib xabar berdi.
«So‘nggi ishlar dushanba kuni bajarildi», — degan Oshaym. Uning ta’kidlashicha, qo‘mita o‘z qaror sanasini hech qachon oshkor qilmaydi va laureat nomi e’lon qilinishigacha yangi yig‘ilishlar rejalashtirilmagan.
Nobel Tinchlik mukofoti sohibi nomi bugun, 10 oktyabr Toshkent vaqti bilan 14:00 da e’lon qilinadi.
Bungacha AQSH prezidenti Donald Tramp vositachiligida Isroil va HAMAS o‘rtasidagi tinchlik rejasining birinchi bosqichi bo‘yicha kelishuv imzolangani haqida ma’lum qilingan edi.
Tramp avvalroq o‘z so‘zlarida shunday degan:
«Hamma o‘zining tinchlik uchun Nobel mukofotini olishi kerakligini aytmoqda. Ammo mening fikrimcha, ular uni hech narsa qilmagan yigitga berishadi. Bu AQSH uchun katta haqorat bo‘ladi».
Tramp shuningdek, 2020 yilda AQSHning arab davlatlari bilan Isroil o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarni normallashtirishdagi roli yetarlicha e’tirof etilmaganini ta’kidlab, «kamida yettita urushga chek qo‘yganini» eslatgan.
Polymarket platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, Nobel Tinchlik mukofotini qo‘lga kiritish imkoniyati eng yuqori bo‘lgan nomzod — venesuelalik muxolifatchi Mariya Korina Machado (68 foiz). Trampning ehtimoli esa atigi 3 foiz bo‘lgan.
Demak, Nobel tinchlik mukofotini Tramp faqat 2026 yilda qo‘lga kirita olishi mumkin. Bungacha, Rossiya-Ukraina urushini to‘xtatish bo‘yicha jonbozlik ko‘rsatsa uning mukofotga ega chiqish ehtimoli yanada ortadi.
Avvalroq, Nobel mukofotining fizika, kimyo va adabiyot yo‘nalishlari bo‘yicha sovrindorlari haqida xabar bergan edik.





