
Donald Tramp O‘zbekistonga kelishi mumkin
05.09.2025 | 19:4549646
O‘zbekiston rahbari AQSH yetakchisini o‘zi uchun qulay muddatda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Bugun, 5 sentyabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, suhbat davomida O‘zbekiston – AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari batafsil ko‘rib chiqilgan.
«Suhbat avvalida AQSH Prezidenti so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va aholi farovonligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarni yuksak baholadi va qo‘llab-quvvatladi. Davlat rahbari, o‘z navbatida, prezident Donald Trampni AQSH ma’muriyati olib borayotgan ichki va tashqi siyosatning ulkan natijalari bilan samimiy tabrikladi. Amerika tomonining xalqaro va mintaqaviy mojarolarni tinch yo‘l bilan hal qilish, global xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qo‘shayotgan hissasi va sa’y-harakatlari alohida qayd etildi», - deyiladi xabarda.
Ular ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratgan. Ustuvor tarmoqlarda biznes kooperatsiya loyihalarini ilgari surish va savdo bitimlari hajmini tubdan oshirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda o‘zaro savdo ko‘rsatkichlarining barqaror o‘sishi kuzatilmoqda. 2024 yilda tovar ayirboshlash 15 foizga oshdi. Istiqbolli kooperatsiya loyihalari portfeli fuqaro aviatsiyasi, muhim mineral resurslar, elektrotexnika sanoati, energetika, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar, moliya, innovatsiyalar, ta’lim va ko‘plab boshqa yo‘nalishlarni qamrab olgan.
Shu oyda AQSHning yetakchi kompaniya va tashkilotlari bilan uzoq muddatli va barqaror sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish maqsadida qator ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilishi ta’kidlandi. Bundan tashqari, xavfsizlik sohasida, eng avvalo, terrorizm, ekstremizm va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish borasida samarali hamkorlik qilinmoqda.
Madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda. Toshkentda AQSHning yetakchi oliy ta’lim muassasalari filiallari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
«Kelgusi yili AQSHda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi ilk bor ishtirok etishi mamnuniyat bilan qayd etildi. AQSH yetakchisi futbol terma jamoamizga chin dildan omad tiladi.
Telefon muloqoti chog‘ida davlat rahbarlari dolzarb xalqaro masalalar, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari va AQSHning “C5+1” shaklidagi mintaqaviy hamkorligini chuqurlashtirish yuzasidan ham fikr almashdilar», - deyiladi xabarda.
O‘zbekiston rahbari prezident Donald Trampni o‘zi uchun qulay muddatda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etgan.
Amaliy hamkorlik bo‘yicha loyiha va dasturlarni ilgari surish maqsadida oliy darajadagi muloqotlarni davom ettirishga kelishib olingan.





