
Drayver loyihalarni amalga oshirish tartibi belgilab qo‘yildi
06.08.2025 | 10:1529352
Iqtisodiy o‘sishga turtki beruvchi mahalliy sanoat va xizmat ko‘rsatish loyihalarini tanlash va amalga oshirish uchun yagona tartib joriy etildi. Bu mahalliy hokimiyatlar mas’uliyatini oshirib, iqtisodiy salohiyatni to‘liq ro‘yobga chiqarishga qaratilgan.

Hukumatning 5 avgustda qabul qilingan qaroriga ko‘ra, drayver loyiha — hudud imkoniyatlaridan kelib chiqib iqtisodiy o‘sish yoki tub o‘zgarishga olib keladigan sanoat, xizmat ko‘rsatish yoki qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi tashabbus sifatida belgilandi. Bunday loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish tuman va shahar hokimlari zimmasiga yuklandi.
Loyihalar har yili 1 noyabrga qadar hokimliklar tomonidan tayyorlanadi. Bir hafta ichida ular viloyat, Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoki Toshkent shahri hokimliklariga yuboriladi. Keyin 10 ish kunida hujjatlar Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etiladi.
Vazirlik 15 ish kunida loyihalarni joyiga chiqib o‘rganadi. Amalga oshirish jarayonida bosh loyihachi tashkilotlar qonunchilikda belgilangan tartibda tender orqali aniqlanadi. Loyiha yakunlanganidan so‘ng, hokimlik dalolatnoma tuzib, uni rasmiy ravishda foydalanishga qabul qiladi.
Ushbu tartib mahalliy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va hududiy infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan.





