
Dubayda dunyodagi eng baland metro bekati quriladi
12.06.2025 | 17:2022783
Dubayda 74 metr balandlikda joylashadigan yangi metro bekati quriladi. U 2029 yilda ishga tushiriladi va shahar metrosining umumiy uzunligini 131 kmga, bekatlar sonini 78 taga yetkazadi.

9 iyun kuni BAA vitse-prezidenti va bosh vaziri shayx Muhammad bin Rashid Ol Maktum Dubay metrosining yangi «Ko‘k liniyasi» qurilishiga start berdi. Bu haqda «Khaleej Times» nashri xabar berdi. Yangi yo‘nalish umumiy 30 km uzunlikda bo‘lib, shundan 15,5 km yer ostida, 14,5 km esa yer ustida joylashadi.
Loyihaning umumiy qiymati 56 milliard dirham etib belgilangan. Yo‘nalishdagi asosiy bekatlardan biri — Emaar Properties Station — Dubai Creek Harbor hududida quriladi. Bekat 11 ming metr kvadrat maydonni egallab, kuniga 160 minggacha yo‘lovchini qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Yangi bekatlar zamonaviy qulayliklar bilan jihozlanadi: elektroskuter va velosipedlar uchun maydonlar, taksi va avtobus to‘xtash joylari tashkil etiladi. Ayniqsa, Dubai Creek Harbor hududidagi bekat shaharning yirik transport va arxitektura markazlaridan biriga aylanishi kutilmoqda.
Dubay metrosi Fors ko‘rfazidagi davlatlar orasida birinchi va dunyodagi eng uzun, to‘liq avtomatlashtirilgan, haydovchisiz tezyurar poyezdlar tizimi hisoblanadi. U har oy 5 millionga yaqin sayyoh va mahalliy aholiga xizmat ko‘rsatadi.
«Ko‘k liniya» 2029 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Shu bilan Dubay metrosining umumiy uzunligi 131 kmga, bekatlar soni esa 78 taga yetkaziladi. Yangilangan tarmoq har kuni 320 minggacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi va shahar transport aloqalarini ancha yaxshilashi kutilmoqda.





