
Dubayda o‘zbeklar o‘rtasidagi shov-shuvli janjalda 2 kishi o‘lgani ma’lum bo‘ldi
16.06.2025 | 20:203513
Dubaydagi yoqilg‘i quyish shoxobchasida ikki guruh o‘rtasida kelib chiqqan janjal oqibatida ikki o‘zbekistonlik vafot etdi. Politsiya mazkur janjal doirasida 11 nafar gumonlanuvchini hibsga olgan, prokuratura tergov olib bormoqda.

Joriy yilning aprel oyida Dubaydagi yoqilg‘i quyish shoxobchasida ikki guruh o‘rtasida kelib chiqqan ommaviy janjal tasvirlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi. Janjal oqibatida ikki nafar o‘zbekistonlik vafot etgani ma’lum bo‘ldi. Hodisa yuzasidan Dubay prokuraturasi tergov ishlarini olib bormoqda, deb yozmoqda Khaleej Times.
Dubay politsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, janjalga o‘tmishdagi kelishmovchiliklar sabab bo‘lgan. Jabrlanuvchilardan biri mashina shinalarini tekshirayotgan vaqtida bir guruh erkaklar hujumiga uchragan. Ikkinchi jabrlanuvchi esa qochmoqchi bo‘lgan, ammo boshqa bir guruh a’zolari uni ham tutib olgan.
Voqea joyiga yetib kelgan Dubay politsiyasi hududni o‘rab olgan hamda jinoyatchilar qoldirgan ashyolarni to‘plagan. Kuzatuv kameralari yozuvlari va guvohlar bayonoti asosida voqealar ketma-ketligi aniqlangan hamda 11 kishi, jumladan asosiy ayblanuvchilar, boshqa hududdagi mehmonxonada qo‘lga olingan.
So‘roq vaqtida ular hodisada ishtirok etganini tan olib, bunga oldingi ziddiyatlar sabab bo‘lganini aytgan. Hozirda ish Dubay Bosh prokuraturasiga yuborilgan.
Ushbu shov-shuvli janjaldan so‘ng o‘zbekistonlik yosh yigitlarning Birlashgan Arab Amirliklariga kirishida muammolar kuzatilayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgan edi.





