
Dubayda uchar taksi muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazildi
01.07.2025 | 09:4516583
Joby Aviation kompaniyasi Dubayda o‘zining havo taksi sinov parvozlarini muvaffaqiyatli amalga oshirdi va xizmatni 2025 yilning oxiriga qadar tijorat foydalanishiga topshirishni maqsad qilmoqda.

Financial Times yozishicha, Joby Aviation kompaniyasi tomonidan Dubayda o‘tkazilgan sinov parvozlarida eVTOL turidagi apparat vertikal uchish, gorizontal parvoz va vertikal qo‘nishni amalga oshirdi. Bu jarayon texnologiyani tijorat yo‘nalishiga joriy etishda muhim bosqich bo‘ldi. Aprel oyida kompaniya shunga o‘xshash sinovni Kaliforniyada ham o‘tkazgan, biroq Dubaydagi sinovlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xizmat boshlanishi arafasida o‘tkazildi.
Kompaniyaning bosh direktori Pol Siarraning ta’kidlashicha, havo taksi xizmatlari insoniyat tomonidan ancha yillardan beri kutilgan va endilikda ular qachon va qanday foyda keltirishi aniqlashmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, xizmat dastlab Dubayda ishga tushiriladi va keyinchalik butun dunyo bo‘ylab kengaytiriladi.
Joby 2009 yilda tashkil topgan va hozirgacha 2 mlrd dollardan ortiq investitsiya jalb etgan. Kompaniyaning eng yirik sheriklaridan biri — Toyota. Kompaniya ishlab chiqargan havo taksi 320 km/h tezlikka ega bo‘lib, bir pilot va to‘rt yo‘lovchi uchun mo‘ljallangan. Dubay xalqaro aeroportida birinchi tijorat qo‘nish maydoni qurilishi boshlangan.
Joby hozirda mahalliy aviatsiya nazorati organlari bilan sertifikatlash jarayonidan o‘tmoqda va AQSHning FAA ruxsatini olish uchun ham ish olib bormoqda. Kompaniya dastlab ruxsatni Dubaydan, so‘ng AQSHdan olishni rejalashtirmoqda.





