
Dunyo aholisining o‘sishi asosan qaysi davlatlar hissasiga to‘g‘ri kelyotgani ma’lum qilindi
2023 yilda Hindiston aholi soni bo‘yicha Xitoyni ortda qoldirib, global o‘sishning asosiy manbaiga aylandi.

1804 yilda Yer yuzi aholisi ilk bor 1 milliard kishiga yetgan bo‘lsa, keyingi ikki asr davomida bu ko‘rsatkich sakkiz baravarga oshdi. 2022 yildan keyin dunyo bo‘ylab tug‘ilish sur’atlari pasayganiga qaramasdan, global aholi soni 200 milliondan ortiq kishiga ko‘paydi.
Aholisi eng ko‘p mamlakat
BMT ma’lumotlariga asoslangan so‘nggi tahlillarga ko‘ra, Hindiston bugun dunyo aholisi o‘sishining asosiy drayveriga aylangan. Mamlakat aholisi soni bo‘yicha birinchi o‘rinni egallab, 1,5 milliard chegarasiga yaqinlashmoqda. 2022–2025 yillar oralig‘ida Hindiston aholisi taxminan 53 million kishiga oshdi. Bu holat tug‘ilish koeffitsiyenti bir ayolga 1,9 nafar bolaga tushganiga qaramasdan kuzatilmoqda.
Hindistonda aholi o‘sishini ta’minlayotgan asosiy omillardan biri umr davomiyligining oshishidir. Hozirda bu ko‘rsatkich 72 yoshdan oshib, 2000 yilga nisbatan qariyb o‘n yilga uzaygan. Yosh va mehnatboz aholi ulushining yuqoriligi ham demografik inersiyani saqlab qolmoqda.
Xitoydagi demografik vaziyat
Xitoy esa aksincha, aholisi qisqarayotgan davlatlar qatoriga kirdi. 2022 yildan beri mamlakat aholisi qariyb 36 million kishiga kamaydi. 2023 yilda Xitoy aholi soni bo‘yicha Hindistondan ortda qoldi. Past tug‘ilish, aholining tez qarishi va mehnat yoshidagi aholi ulushining kamayishi demografik pasayishni jadallashtirmoqda.
AQSH 2025 yilda 347 million aholi bilan uchinchi o‘rinni saqlab qoladi. Biroq uzoq muddatli prognozlarga ko‘ra, 2050 yilga borib Nigeriya uni ortda qoldirishi mumkin. Nigeriyada aholining yosh tarkibi nisbatan yosh bo‘lib, aholi soni ikki baravargacha o‘sishi tahmin qilinmoqda.
Yevropada esa demografik inqiroz davom etmoqda. Italiya aholisi to‘rt yil ichida 1 milliondan ziyodga kamaygan, Gretsiyada esa qisqarish 400 ming kishiga yaqin. Bu mamlakatlarda aholining o‘rtacha yoshi mos ravishda 48 va 47 yoshni tashkil etmoqda.





