
Dunyo boylarining 1 foizi global qashshoqlikni 22 marta tugatishga yetarli boylikka ega bo‘ldi
28.06.2025 | 10:0035284
Oxirgi o‘n yil ichida dunyodagi 3 ming milliarderning boyligi 6,5 trillion dollarga o‘sib, jahon yalpi ichki mahsulotining 14,6 foiziga tenglashdi. Umuman olganda, eng badavlat 1 foiz odamning boyligi kamida 33,9 trillion dollarga ko‘paygan.

The Guardian nashrning yozishicha, tadqiqot Oxfam xayriya tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan bo‘lib, bu mablag‘lar «global qashshoqlikni 22 marta tugatish uchun yetarli» ekanini ta’kidlamoqda.
Buyuk Britaniyada milliarderlar soni 1990 yildagi 15 nafardan 2024 yilda 165 nafarga ko‘paydi, Equality Trust ma’lumotlariga ko‘ra, ularning o‘rtacha boyligi xuddi shu davrda 1000 foizdan oshdi. Oxfam ma’lumotlariga ko‘ra, milliarderlar «o‘z boyligining atigi 0,3 foiziga yaqin miqdorda samarali soliq stavkasini to‘laydi, bu oddiy ishchilar to‘laganidan ancha past».
O‘tgan yili Ispaniya, Braziliya, Germaniya va Janubiy Afrika G20 sammitida tengsizlikni kamaytirish va davlat daromadlarini ko‘paytirish maqsadida o‘ta badavlat odamlarga kamida 2 foiz soliq joriy etish taklifini ma’qullagan edi. Uning ehtimoliy ta’siri bo‘yicha hisob-kitoblar turlicha, ammo yetakchi fransuz iqtisodchisi Gabriel Zukman tomonidan olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, bu 250 milliard dollargacha qo‘shimcha daromad keltirishi mumkin.
Ispaniya, Braziliya, Germaniya va Janubiy Afrika vakillari «soliq imtyozlari»dan foydalanishga qarshi kurashish uchun chora ko‘rish zarurligini va soliq Monako yoki Jersi kabi joylarda yashashni tanlagan, lekin Buyuk Britaniya yoki Fransiya kabi yirikroq iqtisodiyotlarda pul ishlab topayotgan milliarderlarning soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ishlab chiqilishini ta’kidlamoqda.
Oxfam so‘rovi shuni ko‘rsatdiki, odamlarning 86 foizi boy va yirik korporatsiyalarga «soliq imtiyozlari»dan foydalanishga imkon beradigan «bo‘shliqlarni yopish» orqali davlat xizmatlari xarajatlarini qoplash g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydi.





