
Dunyo brendlari bilan ishlash maqsadida O‘zbekiston AQSHdan 100 ming tonna paxta sotib oladi
Samarkand Apparel kompaniyasi Amerika paxtasi va mahalliy xomashyo aralashmasidan xalqaro brendlar uchun mahsulot ishlab chiqarishni boshlaydi. Bu kelishuv O‘zbekistonning Premium bozorlarga chiqishini tezlashtirishi mumkin.

6-noyabr kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va AQSH savdo vaziri Hovard Latnik ikki davlat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Unda umumiy qiymati yuzlab million dollarni tashkil etuvchi ilk shartnomalar imzolandi. Jumladan, «O‘zsanoateksport» hamda AQSHning Cargill korporatsiyasi o‘rtasida paxta yetkazib berish bo‘yicha kelishuv tuzildi.
AQSH Davlat departamenti ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston keyingi 3 yil mobaynida 100 min tonna AQSH paxtasi va 2 mln tonna soya dukkaklari xarid qilishni rejalashtirmoqda. Bu tashabbus O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan tayyor mahsulotlar uchun xalqaro talab va imijni oshirishga qaratilgan. Xususan, «Made from US Cotton» brendi ostidagi mahsulotlar eksport bozorlarida yuqori baholanishi mumkin.
Samarkand Apparel kompaniyasi rahbari, Yengil sanoatni qo‘llab-quvvatlash agentligi direktori maslahatchisi Aziz Ahrorovning Oʻzbekiston24 telekanaliga ta’kidlashicha, AQSH bozorida katta bo‘shliq vujudga kelgan. Bu o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar uchun yangicha imkoniyat yaratib bermoqda. Kompaniya ayni paytda The North Face kabi brendlar bilan hamkorlik qilmoqda, mahsulotlar Janubiy Koreya va Yaponiya bozorlariga yetkazib berilyapti. Endilikda esa ular amerikalik xaridorlarga mo‘ljallangan premium turkum mahsulotlar ishlab chiqarishni maqsad qilmoqda.
Mahalliy paxtani xalqaro bozorlarga sifat sertifikatlari bilan chiqarish masalasida davlat tomonidan Agentliklar va institutlar orqali yordam ko‘rsatilmoqda. Prezidentning Jahon savdo tashkiloti bo‘yicha maxsus vakili Azizbek O‘runov esa shu yil aprel oyida AQSHning ayrim mamlakatlarga joriy qilgan boj siyosati tufayli O‘zbekistonning eksportda ustunlikka ega bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan edi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga ko‘ra, import qilingan Amerika paxtasi asosan yuqori sifatli, sertifikat talab qiladigan buyurtmalar uchun foydalaniladi. Bu orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini jahonning qimmat brendlari uchun tayyorlash imkoniga ega bo‘ladi. Bu jarayonda kredit kafolatlarini qamrab olgan AQSH dasturlari ham jalb etiladi.





