
Dunyoda kakao narxi keskin oshdi: shokolad yana qimmatlashishi mumkin
Xalqaro kakao tashkilotining global profitsit prognozi keskin qisqartirilishi dunyo bo‘ylab kakao narxlarini bir kunda 8 foizga oshirib, bozorni kutilmagan tarzda izdan chiqardi.

Dunyoda shokolad ishlab chiqarishning asosiy xomashyosini tashkil etadigan kakao-dukkaklar narxi juma kungi savdolarda keskin ko‘tarildi. Nyu York birjasida mart oyi fyucherslari 8,07 foizga, London kontraktlari esa 4,34 foizga qimmatladi. Bunday «poyga»ning asosiy sababi — Xalqaro kakao tashkiloti (ICCO) tomonidan global bozordagi profitsit bo‘yicha prognozning keskin qisqartirilishi bo‘ldi.
ICCO yilning to‘rtinchi choragi uchun e’lon qilgan yangi hisobot bozor ishtirokchilari uchun tom ma’noda sovuq dush bo‘ldi. Tashkilot 2024/2025 mavsumidagi jahon profitsiti bungacha bashorat qilingan 142 ming tonnani emas, atigi 49 ming tonna atrofida bo‘lishini ma’lum qildi. Shuningdek, umumiy ishlab chiqarish prognozi ham pasaytirildi: avval 4,84 mln tonna deb baholangan hosil hajmi endilikda 4,698 mln tonna etib ko‘rsatildi.
Bu o‘zgarishlar professional treyderlar strategiyalarini bir zumda qayta ko‘rib chiqishiga sabab bo‘ldi. Hej-fondlar so‘nggi to‘rt yildagi eng yirik miqdorda qisqa pozitsiya (narx tushishiga stavkalar) to‘plab kelayotgan edi. Hosil qisqarishi haqidagi xabar tarqalishi bilan ular majburiy tarzda kontraktlarni yopishni boshladi — bu esa narxlarni yanada tezroq ko‘tarib yubordi.
Qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi omil sifatida dollarning kuchsizlanishi qayd etilmoqda. AQSH valyutasi yarim haftalik minimumga tushgani sabab, dollarda baholanadigan qimmatli xom ashyo — kakao dukkaklari xorijiy xaridorlar uchun arzonlashdi. Bu esa sotib olish faolligini yanada oshirdi.
Bozordagi yana bir xavotirli belgi — AQSH portlaridagi kakao zaxiralarining 8,5 oylik minimumga tushib qolgani. Zaxiralar qisqarishi, ishlab chiqarish pasayishi va spekulyativ faollikning keskin oshishi shokolad ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning kelgusi oylarda xomashyo tanqisligiga duch kelishi mumkinligini anglatmoqda.
Ekspertlar yaqin oylarda kakao narxi yana o‘sishini, demak, global shokolad mahsulotlari narxining ham oshib borishini inkor etmayapti.





