
Dunyoda mol go‘sht narxi rekord darajada qimmatladi
06.10.2025 | 18:0035313
2025 yil sentyabr oyida dunyo bo‘ylab mol go‘shtining bir kilogrammi o‘rtacha 6,9 dollarga yetdi. Bu 1960 yildan beri ilk bor kuzatilgan rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.

2025 yil sentyabr oyida dunyo bozorlarida qo‘ygo‘shtning o‘rtacha narxi 6,9 dollar yoki taxminan 83 600 so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Jahon banki xabar bermoqda.
Avgust oyiga nisbatan narxlar 0,6 foizga, 2024 yilga nisbatan esa qariyb 10 foizga oshgan. Mutaxassislar bu holatni inflyatsiya, mol go‘shtiga bo‘lgan jahon miqyosidagi talabning o‘sishi, xususan AQSH va Xitoy iste’mol bozorlarida faollikning ortgani bilan izohlashmoqda. Shuningdek, sut mahsulotlari narxining o‘sishi ham go‘sht bozoridagi bosimni kuchaytirgan.
Tahlilchilar ta’kidlashicha, narxlar o‘sishiga iqlim o‘zgarishi va qurg‘oqchilikning kuchayishi ham ta’sir qilmoqda. Yaylov maydonlarining qisqarishi, chorva uchun ozuqa mahsulotlari narxining oshishi ham go‘sht bozoridagi barqarorlikni izdan chiqargan.
Dunyodagi yirik go‘sht ishlab chiqaruvchi davlatlardan biri bo‘lgan AQSHda bu yil sigirlar soni 1951 yildan beri eng past ko‘rsatkichni qayd etdi. Bu esa jahon miqyosida ta’minotning qisqarishi va narxlarning yanada o‘sishi xavfini kuchaytiradi.
Mutaxassislar fikricha, agar iqlimiy va iqtisodiy omillar yaqin oylarda o‘zgarmasa, go‘sht narxi 2026 yil boshida yana rekord darajalarni qayd etishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq go‘sht narxlarining dunyo bo‘ylab qimmatlashish sabablari haqida ma’lumot bergan edik.





