add

Dunyodagi eng katta yuk samolyoti Toshkentga qo‘ndi

Bugun 09:558681 daqiqa

Ukrainaning aviakompaniyasiga tegishli dunyodagi eng yirik yuk samolyoti — An-124 «Ruslan» Urumchidan parvoz qilib, Toshkent aeroportiga qo‘ndi.

Dunyodagi eng katta yuk samolyoti Toshkentga qo‘ndi

8-dekabr kuni Toshkent xalqaro aeroporti dunyoda seriyali ishlab chiqarilgan eng katta yuk samolyoti — Ukrainaning «Antonov Airlines» aviakompaniyasiga tegishli An-124-100M «Ruslan» samolyotini qabul qildi.

Samolyot parvozni Xitoyning Urumchi aeroportidan amalga oshirdi. «Uzbekistan Spotters Team» a’zolari ulkan havo kemasini Toshkentda fotosuratga olib, ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qildi.

An-124 — «Antonov» konstruktorlik byurosi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, uning birinchi parvozi 1982 yil Kiyevda amalga oshirilgan. Samolyot uzunligi 69 metr, qanot kengligi 73 metrni tashkil qiladi. U 120 tonnagacha yuk ko‘tara oladi, 865 km/h gacha tezlikda uchishi mumkin. Hozirgacha 56 bunday ulkan uchoqdan 56 tasi ishlab chiqarilgan.

Samolyot bortiga «Be brave like Kharkiv» («Xarkiv kabi jasur bo‘l») degan yozuv tushirilgan bo‘lib, u Ukrainadagi Xarkiv shahrining urushda ko‘rsatgan matonatiga ishora qiladi.

An-124 «Ruslan» 2022 yilning bahoridan boshlab, yana dunyodagi eng katta yuk tashuvchi samolyotga aylandi. Chunki sahniga 250 tonna yuk ololadigan va jahonda yagona bo‘lgan An-225 «Mriya» samolyoti Rossiyaning Ukrainaga bosqini tufayli Kiyevdagi «Hostomel» aeroportida yonib ketdi.

«Ruslan» katta hajmli va og‘ir yuklarni tashishda hozir dunyo aviatsiyasida o‘ziga xos o‘ringa ega. Uning 1050 m³ li keng yuk kabinasi va old-quyruq qismidagi ikki tomonlama yuklash tizimi samolyotni xalqaro logistikada talabgir qiladi.

Teglar

Mavzuga oid