add

DXX va Qurolli Kuchlar akademiyasiga ishga kirish 30 ming dollar? «Quloqqa lag‘mon ilgan»lar ushlandi

04.09.2025 | 21:2043094

37 yoshli fuqaro o‘zini DXX xodimi deya tanishtirib, odamlarni ishga joylab qo‘yaman deb aldab, pul olgan.

DXX va Qurolli Kuchlar akademiyasiga ishga kirish 30 ming dollar? «Quloqqa lag‘mon ilgan»lar ushlandi
Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida o‘zini davlat organlarida ishlaydigan shaxs sifatida tanishtirgan ikki fuqaro fuqarolarni aldab, katta miqdorda pul olib, ishga kiritishni va’da qilgan vaqtda ushlandi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi. Qayd etilishicha, Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida yashovchi 37 yoshli fuqaro o‘zini DXX xodimi deya tanishtirib, 28 yoshli mahalliy fuqaroni davlat xavfsizlik organlariga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan. U 2024 yilning sentyabr oyidan 2025 yilning iyun oyiga qadar turli bahonalar bilan aldab jami 30 ming AQSH dollari va 510 mln so‘m pul mablag‘larini olgan. Bundan tashqari, u mazkur fuqaroning qarindoshini Qurolli Kuchlar akademiyasiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 10 ming dollar talab qilib, hozirga qadar 4 ming dollar olgan. «Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda Qarshi shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u so‘ralgan 10 ming AQSH dollari hisobidan yana 2 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi. Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi», - deyiladi xabarda. Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida istiqomat qiluvchi 64 yoshli shaxs o‘zganing ishonchiga kirib, uni Davlat xavfsizlik xizmati idoralariga ishga kiritib qo‘yish evaziga 7 ming dollar olgan vaqtida DXX hamda viloyat IIB xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan. «Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda», - deyiladi xabarda.

Teglar

Mavzuga oid