
Ekologiyaga oid eng ko‘p huquqbuzarliklar Qoraqalpog‘iston va Samarqandda sodir etildi
O‘zbekistonda 6 oy ichida ekologiyaga oid huquqbuzarlik qilgan 158 kishiga jinoyat ishi ochildi.
2025 yilning 1-yarmida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 158 nafar sudlanuvchiga oid ko‘rilgan jinoyat ishlarining deyarli yarmi, ya’ni 26 foizi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda 23 foizi Samarqand viloyatiga to‘g‘ri keldi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish bo‘yicha 77 nafar hamda ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish bo‘yicha 21 nafar shaxs sudlangan.
Shuningdek, sudlar tomonidan ekologiya sohasi bilan bog‘liq 2 737 nafar shaxsga nisbatan 2 466 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rilgan. 2 478 nafar shaxsga nisbatan 2 235 ta ish bo‘yicha ma’muriy jazo qo‘llanilgan bo‘lsa, 259 nafar shaxsga nisbatan 231 ta ish yurituvidan tugatilgan.
Mazkur toifadagi huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarning yarmidan ko‘pi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari sudlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Bundan tashqari, suvdan foydalanish va suv iste’moli qoidalarini buzish bo‘yicha 180 nafar, ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek, hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzish bo‘yicha 96 nafar hamda foydali qazilmalarni ruxsatnomasiz qazib olish bo‘yicha 202 nafar shaxs sudlangan.





