
Ekostiker tizimida 2026 yilda jarima qo‘llanilmaydi
Ma’lum qilinishicha, ekologik stikerlar bo‘yicha jarimalar kelgusi yildan joriy etilmaydi. 2026 yil tayyorgarlik davri hisoblanadi.

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlar va ayrim ommaviy axborot vositalarida 2026 yildan boshlab «ekologik hudud»ga kiruvchi qizil va sariq toifadagi avtomobillar jarimaga tortilishi haqida noto‘g‘ri talqinlar tarqaldi. Ekologiya qo‘mitasiga ko‘ra, bunday xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Jarimalar qachon qo‘llaniladi?
Ma’lum qilinishicha, «Ekologik transport» tizimi doirasida jarimalar 2028 yildan boshlab joriy etiladi. 2026 yil esa tizimni to‘liq yo‘lga qo‘yish, aholini xabardor qilish va ekologik madaniyatni shakllantirish bosqichi sifatida belgilangan.
Tizimning asosiy maqsadi
Ta’kidlanishicha, avtomobillar va yuk mashinalaridan chiqadigan zararli gazlar iqlim o‘zgarishi, havo haroratining oshishi hamda kislotali yomg‘irlar xavfini kuchaytiradi. Shu bois, «Ekologik transport» tizimining bosh maqsadi jazolash emas, balki ekologik toza harakatni rag‘batlantirish va shaharlar havosi sifatini yaxshilashdan iborat.
Haydovchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar
Tizim haydovchilarni cheklash emas, balki ularga yordam berish tamoyili asosida ishlaydi. Agar avtomobil dastlab sariq yoki qizil stiker olgan bo‘lsa, uni texnik sozlash orqali «yashil» toifaga o‘tkazish imkoniyati mavjud. Bu esa avtomobilning ekologik ko‘rsatkichlarini yaxshilashga xizmat qiladi.
Diagnostika va elektron ogohlantirish
Respublika bo‘ylab zamonaviy diagnostika markazlari faoliyat yuritmoqda. Haydovchilar ushbu markazlarda texnik ko‘rikdan o‘tib, stiker rangi bo‘yicha holatini yaxshilashi mumkin. Shuningdek, yo‘l harakati xavfsizligining yagona elektron tizimi va kameralar orqali qaysi hududga kirish mumkin yoki mumkin emasligi haqida oldindan ogohlantirishlar berib boriladi.
2026 yil — moslashuv davri
Qayd etilishicha, 2026 yilda hech kim jarimaga tortilmaydi. Bu vaqt davomida har bir haydovchi o‘z avtomobilining texnik holatini yaxshilash va ekologik talablarga moslashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.





