Eksport kamaydi, import oshdi: O‘zbekiston tashqi savdosidagi asosiy trendlar
Yilning dastlabki uch oyida O‘zbekiston tashqi savdosida import ustunligi saqlanib, manfiy saldo 6,4 mlrd dollarga yetdi.
© Foto: majorcustoms2026-yil yanvar-mart oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 18 mlrd AQSH dollariga yetdi va 2025-yilning mos davriga nisbatan 471 mln AQSH dollariga yoki 2,7 foizga ko‘paydi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasining hisobotida so‘z boradi.
Ma’lum qilinishicha, tashqi savdo aylanmasida eksport hajmi 5,8 mlrd AQSH dollarni tashkil etmoqda, bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 29,3 foizga kam. Import hajmi esa 12,2 mlrd AQSH dollariga (30,8 foiz o‘sish) yetgan. Hisobot davrida tashqi savdo balansi 6,4 mlrd AQSH dollari miqdorida manfiy saldo bilan shakllangan.

Eksport
2026-yilning yanvar-mart oylarida tashqi savdo aylanmasida tovarlar va xizmatlar eksporti bo‘yicha asosiy hamkorlar Rossiya (18,1 foiz), Xitoy (11 foiz), Afg‘oniston (7,6 foiz), Fransiya (7,0 foiz), Qozog‘iston (4,9 foiz), Turkiya (4 foiz), BAA (3 foiz), Qirg‘iz Respublikasi (2,9 foiz) va Tojikiston (2,4 foiz) kabi davlatlar bo‘ldi. Ularning umumiy eksportdagi ulushi 60,0 foizdan ortiqni tashkil etdi.

Hisobot davri mobaynidan umumiy og‘irligi 339,9 tonnani tashkil etgan 317,7 mln dollarlik meva va sabzavotlar, 739,9 mln dollarilik to‘qimachilik mahsulotlari eksport qilingan.

Xizmatlar eksporti hajmi 2,3 mlrd dollarni yoki jami eksport hajmining 40,1 foizini tashkil etib, 2025 yilning mos davriga nisbatan 26,8 foizga o‘sgan.

Import
Import tarkibida eng katta ulush mashinalar va transport asbob-uskunalari (33,8 foiz), sanoat tovarlari (13,9 foiz) hamda kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar (12 foiz) hisobiga to‘g‘ri keldi. Tovarlar importi dinamikasi tahliliga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-mart oylarida import qilingan tovarlar hajmi, 2025 yilning mos davriga nisbatan 2,6 mlrd AQSH dollariga ko‘paydi va 10, 9 mlrd AQSH dollarini tashkil etdi. Xizmatlar importi esa 1,2 mlrd AQSH dollariga yetdi.

O‘zbekiston 140 dan ortiq davlatdan tovar va xizmatlar importini amalga oshirdi. Yirik hamkor davlatlar, jumladan, Xitoy (32,5 foiz), Rossiya (18,3 foiz), Qozog‘iston (8,4 foiz), Koreya Respublikasi (3,7 foiz), Turkiya (3,5 foiz), Turkmaniston (2,6 foiz) va BAA (2,3 foiz) jami importning 70,0 foizdan ortig‘ini tashkil etdi.

2026-yilning dastlabki uch oyida xizmatlar importi hajmi 1,2 mlrd AQSH dollarini yoki jami import hajmining 10 foizini tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17,9 foizga oshdi.

Xizmatlar importi tarkibida asosiy ulush safarlar (49,8 foiz), transport
xizmatlari (19,8 foiz), telekommunikatsiya, komputer va axborot xizmatlari (12,4 foiz) va
boshqa tadbirkorlik bilan bog‘liq xizmatlar (8,3 foiz) hissasiga to‘g‘ri keldi.





