add

Eksportchi korxonalar uchun qarzdorlik jarimasiga moratoriy joriy etildi

20.08.2025 | 14:0020357

Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan muloqotda tashqi bozorlardagi beqarorlik va logistikadagi uzilishlar sababli yuzaga kelayotgan muammolarga to‘xtalib o‘tdi.

Eksportchi korxonalar uchun qarzdorlik jarimasiga moratoriy joriy etildi
Ayrim mintaqalardagi notinchliklar eksport tushumlarining o‘z vaqtida qaytarilishini qiyinlashtirmoqda. Natijada tadbirkorlar puli kelib tushmagan bo‘lsa ham muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun jarima to‘lashga majbur bo‘lib qolmoqda. Bu masalani ko‘plab to‘qimachilik korxonalari va meva-sabzavot eksportchilari ko‘tarib, davlatdan yengilliklar so‘ragan. Prezident ularning takliflarini o‘rganib chiqib, aniq yechimni bildirdi.
Endi davlat ulushiga ega bo‘lmagan korxonalar uchun eksportda muddati o‘tgan qarzdorlik bo‘yicha jarima hisoblash va undirishga bir yillik moratoriy e’lon qilinadi. Sanoat infratuzilmasiga qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltiriladi
«Joriy yilda hududlarda sanoat infratuzilmasini rivojlantirish uchun 1,7 trln so‘m ajratilgan bo‘lsa, kelgusi yilda bu ko‘rsatkich 25 foizga ko‘payib, 2,1 trln so‘mga yetkaziladi. Shuningdek, poytaxtda tadbirkorlar soni kundan-kunga oshib borayotganini hisobga olib, elektr tarmoqlarini yaxshilash maqsadida yana 2 trln so‘m yo‘naltiriladi. Iqtisodiyot barqaror o‘sgani sari yangi infratuzilmaga bo‘lgan talab ham ortadi», — dedi Prezident.
Korxonalari uchun tashqi infratuzilmani o‘z mablag‘i hisobidan barpo qilayotgan tadbirkorlarning xarajatlari foyda solig‘i bazasidan chegiriladi.
Turizmni rivojlantirish bo‘yicha yangi dastur ishlab chiqiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlikning turli yo‘nalishlarida yangi tashabbuslarni taqdim etib, ular bugundan kuchga kirishini ma’lum qildi. Qisqa vaqtda ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadini oshirishda eng samarali yo‘nalishlardan biri — xizmatlar sohasi. Shu bois bu tarmoqni jadal rivojlantirish asosiy vazifa qilib belgilandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil boshidan O‘zbekistonga 7 millionga yaqin xorijiy sayyoh kelgan, ichki turizmda esa 15 million nafar aholi ishtirok etgan. Bu ko‘rsatkich kelgusi yillarda yanada ortishi kutilmoqda. Prezident ta’kidlaganidek, 3–4 yil ichida mamlakatga tashrif buyuradigan xorijiy sayyohlar oqimi kamida 15 million nafarga yetkaziladi. Shu maqsadda turizmni rivojlantirish bo‘yicha yangi dastur amalga oshiriladi.
Mehmonxona qurish uchun yerlar auksionga chiqariladi Prezident Shavkat Mirziyoyev turizm va mehmonxona sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi imkoniyatlarni e’lon qildi. Kelgusi uch yilda turizm maskanlari va mehmonxonalar qurish uchun jami 5 ming gektar yer auksionga chiqariladi.
«Yangi tartibga ko‘ra, yer sotib olish uchun tadbirkorlardan to‘lov undirilmaydi. Bu mablag‘ davlatning loyihada ulushdor sifatida ishtirok etishi sifatida hisoblanadi. Tadbirkorlar esa 10 yil ichida istalgan vaqtda ushbu ulushni davlatdan qayta sotib olish imkoniga ega bo‘ladi. Agar to‘lov oldindan amalga oshirilsa, 20 foiz chegirma beriladi».
Shuningdek, viloyat markazlari va turizmga ixtisoslashgan 36 ta tumanda mehmonxona qurish uchun 7 yillik, 2 yillik imtiyozli davr bilan 30 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi. Boshqa hududlarda esa kredit miqdori 10 milliard so‘mgacha bo‘ladi. Yangi me’yorga ko‘ra, davlat ob’ektlari yoki xususiy binolarni sotib olib, ularni mehmonxonaga aylantirayotgan tadbirkorlar ham avval faqat yangi qurilishga beriladigan subsidiyadan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, hozirgacha mehmonxona egalari har bir turist uchun kuniga 62 ming so‘mgacha turistik yig‘im to‘lab kelayotgan bo‘lsa, endi bu talab faqat Toshkent shahri, viloyatlar markazlari va yirik turizm hududlarigagina taalluqli bo‘ladi. Qolgan joylardagi mehmonxonalar ushbu yig‘imdan ozod etiladi.

Teglar

Mavzuga oid

Eksportchi korxonalar uchun qarzdorlik jarimasiga moratoriy joriy etildi | Vaqt.uz