add

Elchixonalarda madaniyat va turizm maslahatchisi lavozimi joriy etildi

Bugun 15:252 daqiqa

Prezident farmoniga ko‘ra, ayrim davlatlardagi O‘zbekiston elchixonalarida madaniyat va turizm bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etildi.

Elchixonalarda madaniyat va turizm maslahatchisi lavozimi joriy etildi

Prezidentning «O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlar bilan madaniyat va turizm sohalaridagi aloqalarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, qator davlatlardagi O‘zbekiston elchixonalarida yangi lavozim joriy etiladi. Unga ko‘ra, elchixonalar shtat jadvaliga madaniyat va turizm masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi qo‘shimcha ravishda kiritiladi.

Farmonda ta’kidlanishicha, mazkur qaror xorijiy mamlakatlarda O‘zbekistonning madaniy merosi va turistik salohiyatini keng targ‘ib qilish, shuningdek, sohadagi xalqaro hamkorlik tashabbuslarini muvofiqlashtirish samaradorligini oshirish maqsadida qabul qilingan. Yangi lavozim orqali madaniyat va turizm yo‘nalishidagi loyihalarni tizimli ilgari surish ko‘zda tutilmoqda.

Lavozimga tayinlash kim tomonidan amalga oshiriladi?

Madaniyat va turizm bo‘yicha maslahatchilarni lavozimga tayinlash hamda ozod etish tartibi aniq belgilab qo‘yildi. Bu jarayon Prezident administratsiyasining Kreativ iqtisodiyot va turizm bo‘yicha departamenti boshlig‘i taqdimnomasi asosida Tashqi ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, maslahatchi xizmat faoliyati davomida tegishli davlatdagi O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasi rahbariga bo‘ysunishi shart. Uning asosiy vazifalaridan biri ikki tomonlama munosabatlarni, ayniqsa madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga amaliy ko‘mak berishdan iborat bo‘ladi.

Farmonga muvofiq, maslahatchi o‘z faoliyati yuzasidan Prezident administratsiyasining Kreativ iqtisodiyot va turizm bo‘yicha departamenti boshlig‘iga hisobdor hisoblanadi. Bu tartib sohadagi davlat siyosati ijrosini yanada muvofiq va nazoratli tarzda amalga oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid