add

Elektr va gaz uzilishlari tadbirkorlar uchun asosiy muammo bo‘lib qolmoqda — Markaziy bank

19.08.2025 | 19:4020783

Tadbirkorlik muhiti yaxshilanganiga qaramay, elektr va gaz ta’minotidagi uzilishlar hali ham biznesning to‘liq quvvatda ishlashiga to‘siq bo‘lmoqda.

Elektr va gaz uzilishlari tadbirkorlar uchun asosiy muammo bo‘lib qolmoqda — Markaziy bank
Elektr va gaz ta’minotidagi uzilishlar butun mamlakat bo‘ylab tadbirkorlik sub’ektlarining to‘liq quvvatda faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilmoqda. Bu haqda Markaziy bank o‘zining respublikada biznes kayfiyatiga bag‘ishlangan sharhida ma’lum qildi. Qayd etilishicha, 2025 yilning ikkinchi choragi yakunlari bo‘yicha respublikada tadbirkorlik muhitini o‘rganish natijalariga ko‘ra, so‘rovnomada ishtirok etgan tadbirkorlarning 61 foizi biznes uchun shart-sharoitlar birinchi chorakka nisbatan yaxshilangan. «Ushbu ko‘rsatkich so‘nggi ikki yil davomida o‘rtacha 50 foizdan yuqori darajada saqlanib kelmoqda va buni tadbirkorlarning iqtisodiy islohotlarning barqarorligiga bo‘lgan ishonchi bilan izohlash mumkin», - deyiladi xabarda. Tadbirkorlar biznes muhitidagi ijobiy o‘zgarishlarni, avvalo, yo‘l infratuzilmasi, energiya ta’minoti yaxshilangani va biznesga ma’muriy aralashishlar kamaygani, raqobat muhiti va bank xizmatlari sifati yaxshilangani bilan izohlagan. Shu bilan birga, soliq ma’murchiligi, kredit olish imkoniyatlari va litsenziyalash jarayonlari bo‘yicha holat o‘tgan chorak darajasida saqlanib qolgan. Farg‘ona, Samarqand, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi sezilarli oshgan bo‘lsa, Xorazm, Qashqadaryo, Andijon va Toshkent viloyatlarida pasaygan. «Tadbirkorlar tomonidan energiya ta’minotidagi uzilishlar, aylanma mablag‘larning kamligi, soliq tizimidagi murakkabliklar va ijara xarajatlarining yuqoriligi to‘liq quvvatda faoliyat yuritmaslikning asosiy sabablari sifatida qayd etildi», - deyiladi sharhda.

Teglar

Mavzuga oid