
Endi «Toshkent propiskasi» batamom bekor bo‘ladimi?
11.07.2025 | 18:0010053
O‘zbekistonda fuqarolar, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi huquqiy asosga ega bo‘ldi. 10 iyul kuni qabul qilingan yangi qonunga muvofiq, mamlakat bo‘ylab yagona ro‘yxatga olish mexanizmi joriy etildi.

«O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida»gi Qonun (O‘RQ–1074-son) endi turar joy mulkdorlari va boshqa mas’ul shaxslar zimmasiga aniq majburiyatlarni yuklamoqda. Ular yashash uchun joy ajratgan fuqarolarni o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazishi shart.
Qonunga ko‘ra, mehmonxonalar va boshqa joylashtirish vositalarida turgan fuqarolar «E-mehmon» elektron tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Shuningdek, xorijda doimiy yashovchi fuqarolar O‘zbekistonga kirgan kundan boshlab 10 ish kuni mobaynida yashash joyi yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi talab etiladi.
Eng muhimi, ushbu qonun bilan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi alohida «propiska» amaliyotining tugatilishi kutilmoqda. Bu Prezident farmoni va Konstitutsiya normalariga muvofiq tartib bo‘lib, respublikaning barcha hududlarida teng huquqli ro‘yxatdan o‘tish tizimi yaratilishi nazarda tutilgan.
Fuqarolarni ro‘yxatdan o‘tkazish Ichki ishlar organlari, Davlat xizmatlari markazlari hamda YAIDXP (my.gov.uz) orqali amalga oshiriladi. Qonunning to‘liq matni e’lon qilinishi kutilmoqda.





