add

Energetik nobarqarorlik biznes faoliyatini cheklamoqda

Bugun 15:161612 daqiqa

Markaziy bank e’lon qilgan navbatdagi sharhga ko‘ra, energiya ta’minotidagi uzilishlar O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyati to‘xtab qolishining asosiy sabablaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Energetik nobarqarorlik biznes faoliyatini cheklamoqda

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki navbatdagi Biznes kayfiyati sharhini e’lon qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning uchinchi choragida mamlakat bo‘ylab biznes kayfiyati ijobiy dinamikada saqlandi. Hududlarda o‘tkazilgan so‘rovlarda ishtirok etgan tadbirkorlarning 62 foizi joriy biznes sharoiti o‘tgan chorakka nisbatan yaxshilanganini qayd etgan.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davrida 57 foiz bo‘lgani, so‘nggi ikki yil davomida esa o‘rtacha 50 foizdan yuqori darajada saqlanib kelayotgani iqtisodiy islohotlarning biznes muhitiga ijobiy ta’sirini aks ettiradi.

Tadbirkorlar biznes muhitidagi ijobiy o‘zgarishlarni, avvalo, bank xizmatlari sifati yaxshilangani, kredit olish imkoniyatlari kengaygani, raqobat muhiti kuchaygani, litsenziyalash jarayonlari soddalashgani hamda ma’muriy aralashuvlar kamaygani bilan izohlamoqda. Qator hududlarda yo‘l infratuzilmasi bo‘yicha ham ijobiy siljishlar qayd etilgan.

Shu bilan birga, soliq ma’murchiligi, bojxona tariflari va energetika ta’minoti sohalarida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmagan. Aynan energiya ta’minotidagi muammolar tadbirkorlar tomonidan eng og‘riqli masalalardan biri sifatida tilga olinmoqda. Gaz va elektr uzilishlari, shuningdek, avtomobil yoqilg‘isi narxlarining o‘sishi korxonalarning to‘liq quvvatda ishlashini cheklamoqda.

So‘rov natijalariga ko‘ra, energiya ta’minotidagi uzilishlar, aylanma mablag‘lar yetishmasligi, ichki talabning zaifligi, soliq tizimidagi murakkabliklar va ijara xarajatlarining yuqoriligi biznes faoliyati to‘xtab qolishining asosiy sabablari sifatida qayd etilgan. Bu holat Toshkentdan Qoraqalpog‘istongacha bo‘lgan barcha hududlarda deyarli bir xil darajada kuzatilmoqda.

Hududlar kesimida Farg‘ona vodiysida biznes kayfiyati eng yuqori darajada baholangan bo‘lsa, Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlarida barqaror ijobiy holat saqlangan. Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida esa energiya uzilishlari va soliq tizimidagi qiyinchiliklar ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanishni pasaytirgan.

Umuman olganda, tadbirkorlarning 69 foizi kelgusi uch yilda makroiqtisodiy vaziyat yaxshilanishiga ishonch bildirgan. Biroq so‘nggi yillarda ayniqsa qish-kuz mavsumlarida kuchaygan energetik uzilishlarning iqtisodiyotga yetkazayotgan aniq zarari va iqtisodiy o‘sish sur’atlarini qay darajada pasaytirayotgani bo‘yicha hozircha na rasmiy, na mustaqil hisob-kitoblar mavjud emas.

Shu bois energetik barqarorlik masalasi biznes muhitini yanada yaxshilashda hal qiluvchi omillardan biri bo‘lib qolmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Energetik nobarqarorlik biznes faoliyatini cheklamoqda | Vaqt.uz