add

Energetika urushi: AQSH Rossiya neftiga 500 foizlik boj joriy qilmoqchi

Moliya vazirligi bu chorani Rossiya iqtisodiyotini bo‘g‘ishning samarali yo‘li deb biladi.

Energetika urushi: AQSH Rossiya neftiga 500 foizlik boj joriy qilmoqchi

AQSH Rossiyaning barcha energiya resurslari eksportiga misli ko‘rilmagan zarba berishga tayyorlanmoqda. AQSH Moliya vaziri Skott Bessentning so‘zlariga ko‘ra, Vashington Rossiyadan keladigan neft va gazga 500 foizgacha boj joriy etishni rejalashtirmoqda. Mazkur chora Moskvani asosiy valuta tushumi manbalaridan butunlay uzib qo‘yishga qaratilgan yangi sanksiyalar paketining bir qismi bo‘ladi.

Bessentning ta’kidlashicha, Tramp Rossiyaga nisbatan bunday keskin choralarni qo‘llashi uchun alohida qonun qabul qilishi shart emas — amaldagi huquqiy vositalarning o‘zi yetarli.

Bloomberg agentligi xabarlariga ko‘ra, o‘tgan hafta Donald Tramp senatorlar Lindsi Grem va Richard Blyumental tomonidan tayyorlangan sanksiyalar paketiga «yashil chiroq» yoqqan. Loyihada Rossiya nefti, gazi va urani eksporti uchun o‘ta yuqori bojlar joriy etish ko‘zda tutilgan. Hujjatlarda tariflarning aniq miqdori ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, Fox News manbalari ularni «misli ko‘rilmagan darajada yuqori» deb atamoqda — bu Moskvani asosiy daromadlardan mahrum qilish uchun yetarli darajada kuchli zarba bo‘ladi.

Qayd etilishicha, asosiy maqsad sifatida bugungi kunda Rossiya yoqilg‘isining qariyb 75 foizini sotib olayotgan Xitoy va Hindistonga zarba berish ko‘rsatilgan. Telekanalning qayd etishicha, qonun loyihasi mualliflari ushbu mablag‘larsiz Kreml Ukrainadagi harbiy harakatlarni moliyalashtira olmasligiga ishonadi.

Tramp ushbu tashabbusni ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlab, uning zaruriy ekanini ta’kidlagan. Biroq, hujjatning Kongressdagi yo‘li murakkabligicha qolmoqda. Senatdagi yetakchi Jon Tun budjetga ehtimoliy oqibatlar tufayli qonunni ko‘rib chiqish Vakillar palatasidan boshlanishi kerakligini aytgan. Spiker Mayk Jonson hozircha qonun loyihasi bo‘yicha o‘z fikrini bildirmagan. Moliya vaziri Bessent esa Trampga Vakillar palatasining roziligi kerak bo‘lmasligini, u sanksiyalarni prezident farmoni orqali joriy etishi mumkinligini ta’kidlagan.

Teglar

Mavzuga oid