Energetika vazirligi elektr ta’minotidagi uzilishlarning to‘rtta asosiy sababini aytdi
Vazirlikning ma’lum qilishicha, 40–45 darajali jaziramada uskunalarning tabiiy sovish jarayoni pasayadi.
© «Xorazm HETK» AJ Matbuot xizmatiEnergetika vazirligining ma’lum qilishicha, havo harorati 40–45 darajaga yetgan kunlarda elektr tarmoqlari bir vaqtning o‘zida bir nechta omil ta’sirida yuqori yuklama bilan ishlaydi. Bu esa transformatorlar, podstansiyalar va elektr uzatish tarmoqlarida nosozliklar yuzaga kelish ehtimolini oshiradi.
Vazirlikka ko‘ra, qish oylarida tashqi havo harorati past bo‘lgani uchun transformator va boshqa uskunalardan ajraladigan issiqlik oson tarqaladi. Biroq yozgi jaziramada havo harorati 40–45 darajagacha ko‘tarilishi natijasida tabiiy sovish samaradorligi keskin pasayadi va uskunalarning ichki harorati tezroq oshadi.
Shu bilan birga, elektr iste’moli ham ortib, tarmoqlarga tushadigan yuklama keskin ko‘payishi tizimning ishini yanada murakkablashtiradi.
To‘rtta asosiy sabab
Vazirlik elektr tarmoqlarining qizishiga to‘rtta asosiy omil ta’sir qilishini qayd etdi. Birinchisi — havo haroratining yuqori bo‘lishi. Ikkinchisi — konditsionerlar, muzlatgichlar, sanoat va xizmat ko‘rsatish obyektlari faoliyati tufayli elektr iste’molining ortishi.
Uchinchi omil — transformator punktlari, podstansiyalar va metall uskunalarga quyosh nurlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qilishi. Qayd etilishicha, havo 40 daraja bo‘lganda metall korpuslar 55–70 darajagacha qizishi mumkin.
To‘rtinchi va eng muhim omil esa transformatorning o‘zida elektr yo‘qotishlari natijasida doimiy issiqlik hosil bo‘lishidir. Yuklama ortishi bilan bu issiqlik ham ko‘payadi.
Nosozlik xavfi ortadi
Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ekstremal issiq kunlarda transformator korpuslari 55–80 daraja, elektr simlari 60–90 daraja, transformator chulg‘amlari esa 80–110 darajagacha qizishi mumkin.
Bunday sharoitda tarmoqdagi har qanday qo‘shimcha yuklama yoki texnik nuqson avariya xavfini oshiradi.





