Energiya narxi 10 foiz oshsa, jahon inflatsiyasi tezlashadi — XVF
Xalqaro valuta fondi dunyo iqtisodiyoti hayratlanarli darajada barqarorligini saqlab kelayotgan bo‘lsada, hozir bu jiddiy sinovdan o‘tayotganidan ogohlantirdi.

Xalqaro valuta fondi (XVF) bosh direktori Kristalina Georgiyevaning ta’kidlaganicha, agar energetika mahsulotlari narxi bir yil davomida 10 foizga oshsa, bu jahon inflatsiyasini 40 bazis punktga ko‘tarishi mumkin. Bu haqda u «Bloomberg TV»ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Georgiyeva dunyo iqtisodiyoti ko‘plab muammolarga qaramay, g‘ayritoddiy barqarorlik namoyon etganini qayd etdi.
XVFda nima deyilmoqda?
«Dunyo iqtisodiyoti hayratlanarli darajada barqarorligini saqlab kelmoqda. Bir shokdan boshqasiga qarshi turishga qaramay, o‘sish 3,3 foizni tashkil etmoqda. Lekin bu barqarorlik yana jiddiy sinovdan o‘tmoqda», – dedi Georgiyeva Bangkokda bo‘lib o‘tgan «Osiyo 2050» konferensiyasida.
U, shuningdek, ko‘plab mamlakatlar o‘tgan inqirozlardan keyin zaxiralari kamayib ketganini ta’kidladi. Lekin uning so‘zlariga ko‘ra, oxirgi yigirma yilda Osiyo iqtisodiyotlari moliyaviy imkoniyatlari va zaxiralarini sezilarli darajada oshirgan.
Georgiyeva XVFning ba’zi a’zo mamlakatlar bilan to‘lov balansida yordam ko‘rsatish bo‘yicha muzokara olib borishi, zarurat tug‘ilsa dasturlarni kengaytirish yoki yangilarini yo‘lga qo‘yishi mumkinligini aytdi. Hozir XVF 50 mamlakat bilan dasturlarga ega va kerak bo‘lsa ularni kengaytirishga tayyor.
U siyosiy rahbarlarni narx va valuta kurslaridagi o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatish hamda iqtisodiy o‘sish davrida zaxiralarni faol tiklashga chaqirdi.
«Mening maslahatim: noma’lumlik ortib borayotgan vaziyatda ishlaringizni tez va qat’iy tarzda to‘g‘rilash uchun barcha imkoniyatlarni ishga soling», – dedi XVF rahbari.
Urush fonida oshayotgan energiya naxlari
AQSH va Isroil bombardirlovchi kampaniyani boshlaganidan keyin, unga javob sifatida Eron mintaqaga raketalar bilan zarba berdi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali tankerlar harakati deyarli to‘xtatildi.
Shu bilan birga, mojaro boshlangandan so‘ng Fors ko‘rfasidan yoqilg‘i eksport qilinishi to‘xtatildi, bu esa neft, gaz va ko‘mir narxlarining oshishiga sabab bo‘ldi.





