
Eng ko‘p soliq to‘lagan savdo kompaniyalari: «Korzinka» va «Uzum» yetakchi
Soliq qo‘mitasi 2025 yilda savdo korxonalari tomonidan to‘langan soliqlar, tovar aylanmasi va ularga berilgan imtiyozlar haqida ma’lumot berdi.

2025 yilning yanvar–noyabr oylarida O‘zbekistonda savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 152 017 ta yuridik shaxs tomonidan 31,3 trln so‘mdan ortiq soliq to‘langan, deb xabar bermoqda Davlat Soliq qo‘mitasi.
2025 yilning 11 oyi davomida savdo kompaniyalarining tovar aylanmasi 721,8 trln so‘mni tashkil etgan. Shuningdek, ularga ko‘rsatib o‘tilgan davrda 6,2 trln so‘mlik soliq imtiyozlari berilgan.
Jami to‘langan soliq miqdorining 2,5 trln so‘mi yoki 8,2 foizi 20 ta korxona ulushiga to‘g‘ri keladi. Ularning jami tovar aylanmasi 56,4 trln so‘mni, olgan soliq imtiyozlari esa 484,8 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Yetakchilar beshligi
Eng ko‘p soliq to‘laganlar ro‘yxatida yetakchi uchtalikda quyidagi kompaniyalar turibdi:
1. «Anglesey Food» MCHJ XK (Korzinka) — 350,7 mlrd so‘m;
2. «Uzum Market» MCHJ XK (Uzum) — 215,2 mlrd so‘m;
3. «Total Oil Invest» MCHJ (TotalEnergies) — 211 mlrd so‘m;
4. «Namangan-Istiqlol bogʻi» MCHJ — 191,2 mlrd so‘m;
5. «UNG PETRO» MCHJ — 175,8 mlrd so‘m.
Ma’lumot uchun: O‘zbekistonda 2025 yilning yanvar–noyabr oylarida savdo xizmatlari umumiy hajmi 158 trln so‘mdan oshgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 13,3 foizga ortgan.





