
Enter Engineering O‘zbekistondagi birinchi AES qurilishida subpudratchi sifatida ishtirok etadi
08.10.2025 | 18:5443743
Jizzax viloyatida barpo etilayotgan O‘zbekistonning ilk atom elektr stansiyasi qurilishiga Enter Engineering kompaniyasi subpudratchi sifatida jalb qilindi. Hozirda qurilishga tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda, asosiy qurilish hali boshlanmagan.

Jizzax viloyati Forish tumanida qurilayotgan atom elektr stansiyasi (AES) maydonida tayyorgarlik ishlarini Enter Engineering kompaniyasi amalga oshirmoqda. Bu haqda AES qurilishi direksiyasi rahbari Abdujamil Kalmuratov Spotuz'ga ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Enter Engineering kompaniyasi qurilish-montaj bazasini barpo etmoqda. Ushbu baza doirasida beton aralashtirish uzellari, qurilish materiallari omborlari va montaj uchun zarur infratuzilmalar tashkil etiladi. Kompaniya tanlov asosida jalb qilingan bo‘lib, u O‘zbekistondagi eng yirik qurilish tashkilotlaridan biri hisoblanadi.
Kalmuratov ta’kidlashicha, «yadroviy orol» deb ataluvchi asosiy reaktor hududlaridagi qurilish ishlari Rossiyaning maxsus kompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi. Chunki loyiha bosh pudratchisi sifatida Rossiyaning «Rosatom» davlat korporatsiyasi mas’ul hisoblanadi.
Shu bilan birga, mahalliy kompaniyalar ham subpudratchi sifatida faoliyatga jalb etilishi rejalashtirilgan. Hozircha Enter Engineering faqat tayyorgarlik bosqichidagi ishlar bilan shug‘ullanmoqda, asosiy qurilish ishlari uchun hech qanday shartnoma imzolanmagan.
AES qurilishi direksiyasi rahbarining ta’kidlashicha, ish jarayonlarini to‘liq nazorat qilish, ishchi va pudratchilar bilan doimiy muloqot o‘rnatish choralari ko‘rilgan. Uning fikricha, bu munosabatlar ishchi xaqi va shartnoma bilan bog‘liq muammolarni oldini olishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston tomoni «Rosatom»ning «Atomstroyeksport» sho‘ba tashkiloti orqali amalga oshirilayotgan subpudratchilar tanloviga aralashmaydi. Ilgariroq «Rosatom» vakili Vitaliy Pakermanov ham loyihada «O‘zatom» agentligi, AES direksiyasi va Enter Engineering ishtirok etayotganini ma’lum qilgan edi.





