
Eron–AQSH mojarosi Qatarga yetdi: portlashlar eshitilyapti
23.06.2025 | 22:5617633
Qatarga uchirilgan raketa hujumlari va xavfsizlik bayonotlari — Eron AQSHning Dohadagi bazasiga zarba berdi. Tehron bu amaliyotni “javob zarbasi” deb atadi. Nimalar ro‘y beryapti?

Qatar poytaxti Dohada portlashlar ovozlari eshitilmoqda. Turli manbalarning xabar berishicha, Eron Qo‘shma Shtatlarning Qatardagi Al-Udeyd harbiy bazasiga 10 ta raketa uchirgan. Hujum paytida havo mudofaa tizimlari ishga tushgan.
Eron Milliy xavfsizlik kengashi ushbu amaliyotni AQSHning avvalroq Eronga bombardimon qilgan hujumiga nisbatan javob deb atadi. Bayonotda qayd etilishicha, raketa soni AQSH tashlagan bombalar soniga teng ravishda tanlangan.
«Tehronning amaliyoti do‘st va qardosh Qatar davlati hamda uning xalqi uchun tahdid tug‘dirmaydi», — deyiladi rasmiy bayonotda. Eron rasmiylari ushbu zarbalar faqat AQSH harbiylariga yo‘naltirilganini alohida ta’kidlashdi.
Shu orada AQSH rasmiylari Al-Udeyd bazasidan barcha harbiylar va texnikalar bir hafta avval evakuatsiya qilinganini ma’lum qildi. «Eron bo‘sh turgan ob’ektga zarba berdi», - deyiladi Oq uyning rasmiy bayonotida.
Eronning raketa hujumlari Qatardan tashqari, Iroqdagi AQSH bazasiga ham yo‘naltirilgani aytilmoqda. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Iroqdagi bazaga bitta raketa uchirilgan. Hozircha jabrlanganlar haqida rasmiy ma’lumot berilmadi.





