
Eron AQSHga tahdid qildi
Iyundagi to‘qnashuvlardan so‘ng Tehron va Vashington yana urush yoqasiga keldi. Tehron har qanday harbiy zarbaga «shafqatsiz» javob berishga tayyorligini e’lon qildi.

Eron AQSH bilan munosabatlar keskinlashgan bir sharoitda mamlakatga berilishi mumkin bo‘lgan har qanday zarbaga javob berishga ilgarigidan ko‘ra ko‘proq tayyor ekanini ma’lum qildi. Bu haqda Tehronda bo‘lib o‘tgan haftalik matbuot anjumanida Eron TIV rasmiy vakili Ismoil Bag‘aiy bayonot berdi.
U hozirgi vaziyatni «gibrid urush» deb tavsifladi va o‘tgan yilning iyun oyidagi 12 kunlik agressiyani hamda yaqinda sodir bo‘lgan ommaviy tartibsizliklarni yodga oldi. Tehron ushbu voqealar uchun mas’uliyatni AQSH va Isroil zimmasiga yuklamoqda. Bag‘aiy AQSH Prezidenti Donald Trampning bayonotlariga hamda Amerika harbiy kemalarining Fors ko‘rfaziga yuborilgani haqidagi xabarlarga tayanib, Vashington va Tel-Aviv tomonidan davom etayotgan tahdidlar va «asossiz iddaolar»ga e’tibor qaratdi.
«Qat’iy va og‘riqli javob»
TIV vakilining so‘zlariga ko‘ra, mintaqa davlatlari beqarorlik «yuqumli» xususiyatga ega ekanini va u faqat Eron bilan cheklanib qolmasligini yaxshi anglab turishibdi. U qo‘shni davlatlarning AQSH harbiy zarbasi keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan oqibatlardan xavotirda ekanini alohida ta’kidlab, ularni bu kabi tahdidlarga qarshi aniq pozitsiya egallashga chaqirdi.
«Eron o‘z imkoniyatlariga va o‘tmishdagi qimmatli tajribasiga tayanib, har qachongidan ham ko‘proq tayyorgarlikka ega va har qanday ehtimoliy tajovuzga har tomonlama, qat’iy va og‘riqli javob qaytaradi», - dedi Bag‘aiy.
Tehron va Vashington o‘rtasida xabar almashish jarayoni
Shu bilan birga, Eronning Jenevadagi BMT bo‘linmasi huzuridagi doimiy vakili Ali Bahrayniy Tehron va Vashington o‘rtasida xabar almashish jarayoni (garchi buni hozircha to‘laqonli muzokaralar deb atab bo‘lmasa-da) davom etayotganini ma’lum qildi. Uning qayd etishicha, agar AQSH tomonidan haqiqiy tayyorgarlik va o‘zaro hurmatga asoslangan yondashuv bo‘lsa, Eron real muloqot va muzokaralarga tayyor.
Bahrayniy Eron ziddiyatga intilmasligini, biroq u tashqaridan tiqishtirilgan taqdirda, undan bo‘yin tovlamasligini ta’kidladi. Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Tehron 12 kunlik urushga qadar AQSH bilan muloqotda bo‘lgan, biroq muzokaralar jarayoni Vashingtonning harakatlari tufayli barbod bo‘lgan. U Vashingtonni Isroilning Eronga qilgan tajovuzini rag‘batlantirish, unga yo‘l qo‘yib berish va bunda bevosita ishtirok etishda aybladi.





