add

Eron Atom energiyasi xalqaro agentligi bilan hamkorlikni batamom to‘xtatdi

02.07.2025 | 18:2049974

Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon 2 iyul kuni AEXA bilan hamkorlikni to‘xtatish to‘g‘risida farmon imzoladi. Bu qaror Isroil bilan bo‘lib o‘tgan 12 kunlik urushdan keyin qabul qilingan.

Eron Atom energiyasi xalqaro agentligi bilan hamkorlikni batamom to‘xtatdi
Eron Prezidenti Mas’ud Pizishkiyon bugun, 2 iyul kuni Atom energiyasi xalqaro agentligi (AEXA ) bilan hamkorlikni to‘xtatish to‘g‘risida rasmiy farmon chiqardi. Bu haqda «Tasnim» axborot agentligi xabar berdi. Mazkur qaror 25 iyun kuni mamlakat parlamenti tomonidan ma’qullangan edi. Bu voqea Isroil bilan 12 kun davom etgan urushdan bir kun keyin yuz berdi. Isroil ushbu mojaroni Eronning yadroviy qurol yaratishga yaqinlashgani bilan bog‘ladi. Eron parlament raisi o‘rinbosari Hamid Rizo Hojiy Boboiyning so‘zlariga ko‘ra, Eron endi AEXA rahbari Rafael Grossini yadroviy ob’ektlariga kiritmaslikka qaror qilgan va bu inshootlarga kuzatuv kameralari o‘rnatishni ham rad etgan. AEXA rahbari Grossi urush paytida Eron yadroviy ob’ektlariga zarar yetganini tasdiqlagan, ammo Tehron ushbu inshootlarda uranni boyitish faoliyati qisqa muddatda tiklanishini ma’lum qilgan. Ma’lumot o‘rnida, Eron 1970 yilda Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilgan va 1974 yilda AEXA bilan keng qamrovli kafolat bitimini imzolagandi. Biroq keyingi yillarda yadroviy dastur bo‘yicha bir necha bor xalqaro kelishuvlar buzilgan. 2015 yilda erishilgan Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasi ham 2018 yilda AQSH tomonidan bekor qilingan. Bundan so‘ng Eron yadroviy faoliyatini qayta tiklagan. Oxirgi yillarda Eron AEXA bilan ayrim kelishuvlarga amal qilishni to‘xtatgan va uranni qurol yaratish darajasiga yaqin boyitishni davom ettirgan. Yaqindagi 12 kunlik urushdan avval AQSH va Eron o‘rtasida yadro kelishuvini tiklash bo‘yicha muzokaralar olib borilgan, ammo ular samarasiz yakunlangan.

Teglar

Mavzuga oid

Eron Atom energiyasi xalqaro agentligi bilan hamkorlikni batamom to‘xtatdi | Vaqt.uz