
«Eron hech qachon yadroviy qurolga ega bo‘lmasligi kerak» — Fridrix Mers
16.06.2025 | 09:0041613
Germaniya kansleri Eronga nisbatan keskin bayonot berib, Yaqin Sharqdagi keskinlashuvning oldini olish uchun diplomatik sa’y-harakatlarni davom ettirishga chaqirdi.

15 iyun, yakshanba kuni Germaniya kansleri Fridrix Mers Ummon sultoni va bosh vaziri Haysam ibn Toriq Ol Said bilan telefon orqali suhbat o‘tkazdi. Suhbat davomida Mers Eron yadroviy qurol ishlab chiqarishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi. Bu haqda Germaniya hukumati rasmiy bayonot berdi.
Ikkala davlat rahbarlari Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qilar ekan, muammoni kuchaytirish emas, aksincha, eskalatsiyaning oldini olish maqsadga muvofiqligini ta’kidlashdi. Ular tinchlik yo‘lida diplomatik vositalardan keng foydalanish kerakligida ham fikr birligiga kelishdi.
Mers suhbat chog‘ida Ummon sultoniga Eron va AQSH o‘rtasidagi muzokaralardagi vositachilik roli uchun alohida minnatdorlik bildirdi. Ummon so‘nggi yillarda yadroviy kelishuvni tiklash borasida muhim diplomatik harakatlarda ishtirok etib kelmoqda.
Germaniyadagi isroillik va yahudiy jamoatlar xavfsizligi masalasi ham muhokama markazida bo‘ldi. Mers o‘z chiqishida Eronga qarshi Isroil zarbalaridan so‘ng Germaniyadagi yahudiy muassasalari va Isroil ob’ektlari atrofida xavfsizlik choralari kuchaytirilganini ma’lum qildi.
Shu kuni Fransiya hukumati ham mamlakatda shunga o‘xshash xavfsizlik choralari ko‘rilayotganini bildirdi. Bu Yaqin Sharqdagi tanglik Yevropa davlatlarini ham jiddiy tashvishga solayotganini ko‘rsatadi.





