Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kripto to‘lov joriy qilmoqda
Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tishda har bir barrel neft uchun bir dollar to‘lov belgilangan, bo‘sh tankerlar esa bepul o‘tadi.

Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tayotgan kemalardan to‘lovni kriptovalyutada to‘lashni talab qilmoqda. Bu haqda «Financial Times» nashri xabar berdi.
Kemalar uchun yangi to‘lov tartibi
Eron neft, gaz va neftkimyo mahsulotlari eksportchilari ittifoqi raisi Hamid Husayniyning ma’lum qilishicha, to‘lov miqdori har bir tashilayotgan barrel uchun bir dollar etib belgilangan. Shu bilan birga, bo‘sh tankerlar uchun mazkur to‘lov tatbiq etilmaydi va ular bo‘g‘ozdan bepul o‘tishi mumkin.
Husayniyning ta’kidlashicha, kriptovalyutadagi to‘lov tranzaksiyalarni kuzatuvdan va ehtimoliy sanksiyalardan himoyalash uchun tanlangan.
Qoidalar va tahdidlar
Yangi tartibga ko‘ra, kemalar harakatni boshlashdan oldin Eron hukumatini xabardor qilishi va maxsus ruxsatnoma olishi shart.
Qayd etilishicha, qoidaga rioya qilmagan kemalarga nisbatan keskin choralar qo‘llanilib, tartibni buzganlar Eron tomonidan «yo‘q qilinadi».
Geosiyosiy fon
8-aprelga o‘tar kechasi AQSH, Isroil va Eron o‘rtasida vaqtinchalik sulh bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu kelishuvning asosiy shartlaridan biri Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovini qayta tiklash hisoblanadi.
Sulh ikki hafta muddatga mo‘ljallangan bo‘lib, bu davr mobaynida tomonlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borishi va uzoq muddatli tinchlik kelishuviga erishishga intiladi.





