
Eron hujumidan keyin neft narxlari 7 foizdan ortiqroqqa pasaydi
24.06.2025 | 09:4043373
Eron tomonidan Qatar va Kuvaytdagi AQSH harbiy bazalariga raketalar yo‘llanganidan keyin, dunyo bozorlarida neft narxlari keskin pasaydi. Bir kechada Brent va WTI fyucherslari narxi 7 foizdan ortiqqa arzonladi.

23 iyun kuni kechki savdolar paytida Brent nefti bo‘yicha avgust fyucherslari 7,3 foizga arzonlab, bir barreli uchun 71,36 dollargacha tushdi. Bu 2025 yil boshidan beri eng past darajalardan biri hisoblanadi. Amerikada ishlab chiqariladigan WTI nefti esa 7,4 foizga arzonlab, 68,42 dollargacha pasaydi va 70 dollar chegarasidan pastga tushdi.
Bu qulash Eronning Amerika bazalariga yo‘llagan raketali hujumi ortidan yuz berdi. Hujum G‘arbiy davlatlar tomonidan Eron yadroviy ob’ektlariga berilgan zarbalariga javob sifatida baholanmoqda. Shunga qaramay, hujum ortidan Eron tomonidan nafaqat Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopish, balki energetika infratuzilmasini ham nishonga olish mumkinligi haqidagi xavotirlar o‘zini oqlamadi.
CIBC Private Wealth Group kompaniyasining katta treyderi Rebekka Babinning ta’kidlashicha, Eronning hujumi neft infratuzilmasiga ta’sir etmadi va ehtimol, bu ko‘proq ichki auditoriya uchun mo‘ljallangan siyosiy harakat bo‘lgan. «Ehtimol, AQSH oldindan ogohlantirilgan. Shu bois bu harakat diplomatik darajada yuzni saqlab qolish urinishi bo‘lishi mumkin», — dedi Babin.
Shu bilan birga, bozorlarda ehtiyoj pasayishi va geosiyosiy xavotirlarga qaramay, ishlab chiqarishda uzilishlar kuzatilmayotgani ham narxlarni tushirayotgan asosiy omillardan biri sifatida tilga olinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali dunyodagi umumiy neft oqimlarining to‘rtdan biri va suyultirilgan tabiiy gaz (STG) savdosining beshdan biri amalga oshiriladi. Ushbu yo‘nalishdagi har qanday uzilish global energiya bozorlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.





