
Eron ilk bor Isroilga «Qadr H» ballistik raketasi bilan zarba berdi
23.06.2025 | 21:0049752
Eron Isroilga qarshi amalda ilk bor ko‘p zaryadli «Qadr H» turdagi ballistik raketadan foydalandi. Hujum strategik nishonlarga aniq va vayronkor zarbalar berishni maqsad qildi.
Dushanba kuni tongda Eron Isroilga qarshi amalga oshirgan hujum paytida birinchi marta ko‘p zaryadli «Qadr H» ballistik raketasini ishlatdi. Bu haqda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) vakili Imon Tojik ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu yangi turdagi raketa Isroilning shimoli, janubi va markaziy hududlarida joylashgan strategik ob’ektlarga yo‘naltirilgan. Tojik brifing davomida raketalar aniqlik va samaradorlik jihatidan yuqori bo‘lganini, ular orqali nishonlarga ta’sirchan zarbalar berilganini ta’kidladi.
Bu Eron tomonidan yahudiy davlatiga qarshi amalga oshirilgan navbatdagi zarba bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi keskinlik yanada ortishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Shuningdek, 22 iyun kuni IIQK vakili Eronning Isroilga hujumi chog‘ida birinchi marta ko‘p zaryadli «Kheibar Shekan» ballistik raketasidan foydalangani haqida xabar bergan edi.





