
Eron Isroil uchun ishlagan uch fuqarosini qatl qildi
25.06.2025 | 21:0023752
Eron sud organlari Isroil maxsus xizmati — Mossad bilan aloqadorlikda ayblangan va terakt uyushtirish uchun uskunalar olib kirgan 3 nafar shaxsni qatl etdi. Ular Urmiya shahridagi qamoqxonada sahar payti jamoatchilikdan xoli tarzda qatl qilindi.

Bugun, 25 iyun kuni tongda Eronning Urumiya shahrida 3 nafar mahalliy fuqaro Isroilga josuslik qilganlik va mamlakatga terroristik qurol-aslahalarni olib kirganlikda ayblanib, qatl qilindi. Eron rasmiylariga ko‘ra, mazkur shaxslar «dushman davlat bilan hamkorlik», «fasod fil arz» va «muxolif shaxslarga qarshi terror uyushtirish»da ayblangan.
Qatl etilgan shaxslar — Idris Aliiy (Solih o‘g‘li), Ozod Sho‘’joiy (Abdurahmon o‘g‘li) va Rasul Ahmad Rasul (Ahmad o‘g‘li) — maxsus operatsiya doirasida qo‘lga olingan. Ular mamlakatga spirtli ichimliklar niqobi ostida terror qurilmalari olib kirgani ma’lum qilingan. Eron rasmiylari ta’kidlashicha, ushbu qurilmalardan biri orqali mamlakatdagi taniqli shaxslardan biriga suiqasd qilingan.
Jinoyatchilarga nisbatan hukm «Eron islom jinoyat kodeksi»ning dushman davlatlar bilan hamkorlik va zaminda buzg‘unchilik bo‘yicha moddalari asosida chiqarilgan. Sud jarayonlari yopiq holda o‘tkazilgan.





