add

Eron oliy rahnamosining Moskvaga ehtimoliy qochish rejasi oshkor etildi

05.01.2026 | 10:552 daqiqa

Eronda noroziliklar kuchaygan taqdirda oliy rahnamoni evakuatsiya qilish bo‘yicha zahira reja ishlab chiqilgani aytilmoqda.

Eron oliy rahnamosining Moskvaga ehtimoliy qochish rejasi oshkor etildi

Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy mamlakatda norozilik namoyishlari nazoratdan chiqsa, Rossiyaga qochib ketishi mumkin. Bu haqda razvedka manbalariga tayangan holda The Times nashri xabar berdi. Manbalarga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari namoyishlarni to‘xtata olmasa yoki buyruqlarni bajarishdan bosh tortsa, amalga oshiriladigan zaxira reja tayyor holda turibdi.

Ma’lum qilinishicha, ehtimoliy evakuatsiya ssenariysi Xomanaiyning eng yaqin 20 nafar atrofidagi yordamchilari hamda oila a’zolarini ham o‘z ichiga oladi. Bu reja uning o‘g‘li va ehtimoliy vorisi sifatida tilga olinayotgan Mo‘jtabo Xomanaiyga ham taalluqli.

«Ularning qochishga ehtiyoji tug‘ilsa, Tehrondan chiqish yo‘li rejalashtirilgan. Bu reja xorijdagi aktivlar, ko‘chmas mulklar va naqd pullarni to‘plashni ham o‘z ichiga oladi. Bu ularning xavfsiz chiqib ketishini ta’minlashi kerak», deydi razvedka manbasi.

Nashrga ko‘ra, Xomanaiy iyun oyida Isroil bilan bo‘lgan 12 kunlik qurolli to‘qnashuvdan so‘ng jismonan va ruhan ancha zaiflashgan. Bu xulosa G‘arb razvedka idoralaridan biri tayyorlagan psixologik tahlilga asoslangan bo‘lib, unda Eron oliy rahnamosi «paranoyd kayfiyatdagi rahbar» sifatida tavsiflangan.

Tahlilda qayd etilishicha, Xomanaiy mafkuraviy jihatdan qat’iy bo‘lishiga qaramasdan, vaziyatga pragmatik yondashishni ham afzal ko‘radi. U uzoq muddatli strategik maqsadlar yo‘lida vaqtinchalik taktik murosaga borishni mumkin deb hisoblaydi. Aynan shu xususiyat, xavfsizlik tuzilmalari undan yuz o‘girgan taqdirda, mamlakatni tark etish rejasiga ta’sir qilgan.

Isroil razvedkasi vakili Beni Sabtining fikricha, Moskva Xomanaiy uchun eng ehtimoliy manzil hisoblanadi, chunki «uning boshqa borish joyi deyarli yo‘q». The Times bu holatni Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asad oilasi bilan Rossiyaga qochib borib, u yerdan boshpana topgani bilan qiyoslaydi. Kreml vakili Dmitriy Peskov esa Asadning ketishini uning shaxsiy qarori sifatida baholagan edi.

Xabarda, shuningdek, Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Larijoniy va boshqa yaqin amaldorlarning AQSH, Kanada va Dubayda qarindoshlari borligi qayd etilgan. Ayni paytda Eronda yuqori inflatsiya sabab bir necha kundan beri namoyishlar davom etmoqda. AQSH prezidenti Donald Tramp esa kuch ishlatilsa, vaziyatga aralashishga tayyorligini bildirgan.

Teglar

Mavzuga oid