
Eron «snapback» sanksiyalariga qat’iy javob berishini bildirdi
26.05.2025 | 19:3021793
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiyning ta’kidlashicha, agar BMT sanksiyalarni tiklash mexanizmini ishga tushirsa, Eron bunga keskin javob qaytaradi. Shu bilan birga, mamlakat diplomatik yechim tarafdori ekanini ham ma’lum qilgan.

Aroqchiy bu haqda yakshanba kuni Eron parlamentning milliy xavfsizlik va tashqi siyosat bo‘yicha komissiyasiga axborot berishi chog‘ida ma’lum qilgan. Uning ta’kidlashicha, Eron hech qachon muzokaralar stolini tark etmagan, diplomatik yechimga sodiq, ammo adolatsiz choralarga qarshi kurashadi.
Komissiya matbuot kotibi Ibrohim Rizoiyning aytishicha, vazir Eron hamon diplomatik kanallar orqali, jumladan, Ummon orqali AQSH bilan muloqotni davom ettirayotganini ma’lum qilgan. Aroqchiy AQSHning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan so‘nggi vaqtlarda besh marotaba muzokara o‘tkazgan — uch marta Masqatda va ikki marta Rimda.
Vazirning ta’kidlashicha, Eron yadroviy faoliyatni to‘xtatishga tayyor emas, ammo mintaqaviy darajada uran boyitish markazi tashkil etish imkoniyatini istisno qilmaydi. Shu bilan birga, u agar harbiy mojaro boshlansa, butun mintaqa jabr ko‘rishi haqida ogohlantirgan.
Rizoiyning qo‘shimcha qilishicha, Eron parlamentidagi ayrim deputatlar AQSH bilan olib borilayotgan muzokaralarga ishonchsizlik bilan qaramoqda. Buning sababi sifatida Vashingtonning muloqotlarga qaramay, sanksiyalarni saqlab qolayotgani va yangi cheklovlar kiritayotgani ko‘rsatilgan.





