Eron urushi: AQSH va Isroil hujumlarining 11-kuni
Tehronda yuz minglab eronliklar yangi oliy rahnamo Mujtabo Xomanaiyni qo‘llab-quvvatlash uchun namoyishga chiqdi.

AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi ikkinchi haftasiga kirar ekan, Tehron tun bo‘yi «eng shiddatli bombardimonlardan» birini boshidan kechirdi. AQSH prezidenti Donald Tramp 9-mart kuni urush «juda tez» tugashi mumkinligini aytdi va Eronning yangi oliy rahnamosi Mujtabo Xomanaiydan «norozi» ekanini qo‘shimcha qildi. Otasi Oyatulloh Ali Xomanaiyning o‘rnini egallagan Mujtaboni qo‘llab-quvvatlash uchun yuz minglab eronliklar Tehronda to‘plandi.
Hozirgi vaqtga kelib quyidagilar ma’lum:
Erondagi vaziyat
Muzokaralar va qat’iyat: Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchiy Eron zarurat tug‘ilsa kurashni davom ettirishini bildirib, Trampning nizo «tez orada» tugashi haqidagi gaplarini shubha ostiga oldi.
Turar joylarga hujum: Eronning ISNA axborot agentligi xabariga ko‘ra, mamlakat g‘arbidagi Arak shahrida turar joy binosiga berilgan havo zarbasi oqibatida besh kishi halok bo‘lgan va bir necha kishi jarohatlangan.
Xalq namoyishlari: To‘xtovsiz bombardimonlarga qaramay, minglab eronliklar Mujtabo Xomanaiy bilan birdamlikni namoyish etish uchun Tehronda to‘plandi. Namoyishchilar buni Eronga hujum qilayotgan davlatlarga nisbatan qat’iyat belgisi deb atamoqda.
Siyosiy bayonotlar: Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi 9-mart kuni AQSHning maqsadi «mamlakatni bo‘lib tashlash» va «neftni egallab olish» ekanini aytdi. Shu bilan birga, vazir o‘rinbosari Kozim G‘aribobodiy Xitoy, Rossiya va Fransiya kabi davlatlar o‘t ochishni to‘xtatish masalasida Eron bilan bog‘langanini ma’lum qildi.
Talofatlar ko‘lami: Tehron sharqidagi turarjoy binolariga qilingan hujum kamida 40 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Neft obyektlariga berilgan avvalgi zarbalar esa poytaxtni zaharli tutun bilan qopladi. Eron tomonining ma’lumotiga ko‘ra, urush boshlangandan buyon 1255 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, 10 mingga yaqin kishi jarohat olgan.
Harbiy javob: Eron parlamenti spikeri Muhammad Baqir G‘olibaf aholi yashash joylariga qilingan hujumlar uchun «qattiq javob» qaytarishni va’da qildi.
· AQSHning pozitsiyasi: Donald Tramp 9-mart kuni jurnalistlarga AQSH Eron tomonidan mamlakat ichida «xufiyona guruhlar» faollashtirilgan yoki yo‘qligini diqqat bilan kuzatib borayotganini aytdi. Bunday guruhlar mamlakat ichida yashirincha yashab, ma’lum bir buyruq asosida hujum uyushtirish uchun shay turadigan tezkor xodimlardan iborat bo‘ladi.


Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi vaziyat
· 10-mart kuni Quvayt, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni va Bahrayn Eron tomonidan uchirilgan raketa va dronlar urib tushirilgani haqida xabar berdi.
· Saudiya Arabistoni: Qirollik Mudofaa vazirligi 10-mart kuni Al-Xarj vohasi sharqida uchuvchisiz uchish qurilmasi tutib qolingani va yo‘q qilinganini ma’lum qildi. Fuqaro mudofaasi agentligi xabariga ko‘ra, Riyod viloyatining Az-Zulfi shahrida dron qulashi oqibatida qurbonlar qayd etilmagan. Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligi Eronning davom etayotgan hujumlari vaziyatni keskinlashtirishini va ikki davlat o‘rtasidagi kelajakdagi munosabatlarga jiddiy xavf tug‘dirishini ta’kidladi.
· Bahrayn: Mamlakat Ichki ishlar vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, poytaxt Manamadagi turar joy binosiga berilgan zarba oqibatida 29 yoshli ayol halok bo‘lgan, sakkiz kishi jarohatlangan. «Gulf Air» aviakompaniyasi Bahrayn havo hududi yopiq qolayotgani sababli barcha parvozlar «vaqtincha to‘xtatilganini» e’lon qilgan.
· BAA va Quvayt: Birlashgan Arab Amirliklarida havo hujumidan mudofaa tizimlari Eron tomondan kelayotgan qator raketa va dronlarni qaytarmoqda. Quvaytda esa 10-mart kuni oltita dron tutib қолинgaн.
· Avstraliyaning ko‘magi: Avstraliya бош vaziri Entoni Albaniz Yaqin Sharqqa harbiy kuzatuv samolyotini yuborishini va BAAga raketalar yetkazib berishini ma’lum qildi. U Avstraliya quruqlikdagi amaliyotlarda ishtirok etmasligini alohida ta’kidladi. Shuningdek, Avstraliya Osiyo kubogidagi ilk o‘yini oldidan davlat madhiyasini aytmagani uchun o‘z vatanida jazolanishi mumkin bo‘lgan besh nafar eronlik ayol futbolchiga viza berdi.


AQSHdagi vaziyat
· AQSH prezidenti 9-mart kuni qilgan bayonotlarida Eronda davom etayotgan harbiy amaliyotlarning borishi va maqsadlariga to‘xtaldi. U urush «juda tez» va «yaqin orada» tugashini aytdi, biroq bu holat shu hafta ichida yuz bermasligi aytildi.
· Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSH 5000 dan ortiq nishonga zarba bergan. Buning natijasida Eron harbiy-dengiz va harbiy-havo kuchlari, shuningdek, raketa qurilmalarining 80–90 foizi yo‘q qilingan. Prezident, shuningdek, Eronning dron ishlab chiqarish imkoniyatlari keskin zaiflashganini va ularning zavodlari hujum ostida ekanini ta’kidladi.
· Erishilgan muvaffaqiyatlarga qaramay, u respublikachi qonun chiqaruvchilarga AQSH «hali yetarlicha g‘alaba qozonmaganini» va «mutlaq g‘alaba»ga intilayotganini aytdi. Tramp Eronning yangi oliy rahnamosidan «norozi» ekanini yana bir bor takrorladi.
· Prezident AQSH tomonidan yettinchi harbiy xizmatchi halok bo‘lganini tasdiqladi.
· 9-mart kuni Tramp va uning rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin Erondagi urush hamda Ukrainadagi tinchlik istiqbollarini muhokama qildi. Bu suhbat Kreml rahbari jahon iqtisodiyotiga global energiya inqirozi xavf solayotgani haqida ogohlantirish berganidan bir necha soat o‘tib bo‘lib o‘tdi.
Isroildagi vaziyat
· «Tasnim» axborot agentligining xabariga ko‘ra, Eron armiyasi Isroilning Xayfa shahridagi neft va gaz zavodi hamda yoqilg‘i rezervuarlariga dronlar yordamida hujum uyushtirilganini ma’lum qilgan. Isroil armiyasi esa Eron hududidan Isroil tomon raketalar uchirilganini tasdiqlagan. Bayonotda tahdidlarni bartaraf etish va raketalarni tutib qolish choralari ko‘rilayotgani aytilgan.
· Donald Tramp ikki davlatning hamkorlikdagi harakatlarini yuqori baholab, ular birgalikda «dushmanni yakson qilayotganini» alohida qayd etdi. Shuningdek, u Eron Isroilga hujum qilishga hozirlik ko‘rayotganini ta’kidlab, agar Tehron yadro quroliga ega bo‘lganida, undan Isroilga qarshi ikkilanmay foydalanishini da’vo qildi.
· Tel-Aviv xalqaro aeroporti yaqinidagi qurilish maydonchasida bir kishi raketa parchalaridan olgan jarohati tufayli vafot etgan. Shu bilan Eron hujumlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 11 kishiga yetgan.


Infratuzilma va energiya bozorlari
· Rossiya prezidenti Vladimir Putin dunyodagi ikkinchi yirik neft eksportchisi sifatida Rossiya global energiya inqirozini bartaraf etish uchun yevropalik xaridorlar bilan yana hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qildi.
· Fransiya prezidenti Emmanuyel Makron esa Fransiya va uning ittifoqchilari Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochish bo‘yicha maxsus missiya tayyorlayotganini bildirdi.
· Eron neft obyektlarining bombardimon qilinishi dunyo miqyosida neft va gaz narxlarining ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Bu vaziyatda «Katta yettilik» (G7) moliya vazirlari bozorlarni barqarorlashtirish uchun energiya zaxiralarini ochishga tayyor ekanliklarini e’lon qildi.
· Ushbu ixtilof jahon bozorlarida kuchli tebranishlarni keltirib chiqardi: Fors ko‘rfazi davlatlari neft va gaz qazib olishni vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lgach, yoqilg‘i narxlari keskin ko‘tarildi. Neft narxi bir barrel uchun salkam 120 dollarga yetganidan bir kun o‘tib, Tramp Tehronga nisbatan qat’iy ogohlantirish bilan chiqdi. Agar Eron Hurmuz bo‘g‘ozi orqali neft yetkazib berishni to‘xtatsa, hujumlar yanada kuchaytirilishi haqidagi tahdidlardan so‘ng neft narxi 90 dollar atrofiga tushdi.





