add

Eron va AQSH ziddiyatlari fonida neft narxi oshdi

29.01.2026 | 14:152 daqiqa

AQSH va Eron o‘rtasidagi harbiy ziddiyat ehtimoli kuchayishi neft bozorida taklif xavflarini oshirmoqda.

Eron va AQSH ziddiyatlari fonida neft narxi oshdi

Osiyo savdolarida neft narxlari 1,5 foizdan ortiqqa oshdi va ketma-ket uchinchi kun o‘sishni davom ettirdi. Bunga AQSH tomonidan Yaqin Sharqdagi yirik neft ishlab chiqaruvchi davlat — Eronga nisbatan harbiy zarba berilishi mumkinligi haqidagi xavotirlar sabab bo‘lmoqda.

«Reuters» xabariga ko‘ra, «Brent» markali neft fyucherslari barreli 99 sentga yoki 1,5 foizga qimmatlab, 69,39 dollarga yetdi. AQSHning «West Texas Intermediate» nefti esa 1,06 dollarga yoki 1,7 foizga oshib, 64,27 dollarga yetdi. Ikkala kontrakt ham dushanbadan beri taxminan 5 foizga o‘sib, 29-sentabrdan buyon eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi.

Narxlarning o‘sishi AQSH prezidenti Donald Trampning Eronni yadroviy dasturini to‘xtatishga majburlash uchun harbiy tahdidlarni kuchaytirishi va AQSH harbiy-dengiz guruhining mintaqaga yetib kelishi bilan bog‘lanmoqda. Eron neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkilotida to‘rtinchi yirik ishlab chiqaruvchi bo‘lib, kuniga taxminan 3,2 million barrel neft qazib oladi.

Manbalarga ko‘ra, AQSH ma’muriyati Eron xavfsizlik kuchlari va rahbariyatiga zarba berish variantlarini muhokama qilmoqda. Bu ichki noroziliklarni kuchaytirish va hozirgi rejimni zaiflashtirish maqsadini ko‘zda tutishi mumkin.

Shu bilan birga, AQSHda neft zaxiralarining kutilmagan kamayishi ham narxlarni qo‘llab-quvvatladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bir haftada zaxiralar 2,3 million barrelga qisqargan. Ayrim tahlilchilar geosiyosiy xavflar saqlanib qolsa, yaqin oylarda «Brent» nefti 72 dollargacha qimmatlashi mumkinligini istisno etmayapti.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron AQSH bilan munosabatlar keskinlashgan bir sharoitda mamlakatga berilishi mumkin bo‘lgan har qanday zarbaga javob berishga ilgarigidan ko‘ra ko‘proq tayyor ekanini ma’lum qilgandi.

Teglar

Mavzuga oid