Ordinatura o‘rniga rezidentura, bekor qilinayotgan malaka toifalari va yangi ustamalar: tibbiyotda nimalar o‘zgarmoqda?
Yangi farmon bilan tibbiy ta’limda «5+1» tizimi, rezidentura, qabul ballari, davlat ro‘yxatidan o‘tish va malaka toifalariga oid yangi tartiblar belgilanmoqda.

Prezidentning «Tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.
O‘zgarishlar bir vaqtning o‘zida bakalavriat, magistratura, rezidentura va tibbiyot xodimlarining kasbiy faoliyatiga taalluqli.
«5+1» tizimi
2027–2028-o‘quv yilidan Davolash ishi bakalavriat yo‘nalishi negizida 6 yillik «5+1» shaklidagi umumiy tibbiyot bakalavriati joriy etiladi.
Bunda dastlabki besh yil ta’lim jarayoniga, bitiruvchi kursdagi bir yil esa to‘liq amaliyotga yo‘naltiriladi.
Mazkur yo‘nalishni tamomlagan bitiruvchiga umumiy amaliyot shifokori kvalifikatsiyasi beriladi. U belgilangan tartibda oilaviy shifokor sifatida ishlashi mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, tibbiyotning barcha bakalavriat yo‘nalishlarida bitiruvchi kurs talabalari uchun to‘liq o‘quv yili davomida amaliyot o‘tash tizimi joriy etiladi.
Stomatologiya talabalarining amaliy mashg‘ulotlarini tashkil etish uchun tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga stomatologiya poliklinikalari biriktiriladi.
Qabulda minimal chegara
2027–2028-o‘quv yilidan tibbiyot va farmatsevtika OTMlarining bakalavriat yo‘nalishlariga, jumladan maqsadli qabul doirasida ham, kirish uchun minimal chegara belgilanadi.
Talaba kirish imtihonida to‘plashi mumkin bo‘lgan maksimal ballning kamida 60 foizini olishi kerak bo‘ladi.
Bu talab faqat umumiy qabulga emas, maqsadli qabulga ham tatbiq etiladi.
Ya’ni yangi tartibda tibbiyot OTMiga kirish uchun abituriyentning minimal natijasi oldindan belgilangan bo‘ladi.
O‘qish jarayonida minimal o‘tish ballari
2026–2027-o‘quv yilidan bakalavriat, magistratura va rezidentura dasturlarida har bir o‘quv modulini o‘zlashtirish hamda davlat imtihonlarida minimal o‘tish ballari belgilanadi.
Shifokor mutaxassisliklari uchun bu ko‘rsatkich eng yuqori ballning 70 foizi, o‘rta tibbiyot xodimi mutaxassisliklari uchun esa 60 foizi etib belgilanadi.
Ordinatura o‘rniga rezidentura
Tor soha mutaxassislarini tayyorlashda klinik ordinatura negizida xalqaro standartlarga asoslangan, davomiyligi tabaqalashtirilgan rezidentura dasturlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.
2027–2028-o‘quv yilidan tor soha mutaxassislarini tayyorlash to‘liq rezidentura orqali amalga oshiriladi va ordinaturaga qabul to‘xtatiladi.
Rezidenturada tor mutaxassislarni tayyorlash davlat tibbiyot ta’lim tashkilotlari va muassasalarida davlat granti asosida amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, 2026–2027-o‘quv yilidan oilaviy tibbiyot bo‘yicha rezidentura tashkil etiladi. Uni tamomlaganlarga oilaviy shifokor mutaxassisligi beriladi.
Rezidenturada o‘qiganlarga stipendiya ham belgilanadi
Davlat granti asosida rezidenturaga qabul qilingan talabalarga davlat budjeti hisobidan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga nisbatan 2,15 koeffitsiyensiyent (2 mln 924 ming so‘m) miqdorida stipendiya to‘lanadi.
Rezidentura dasturini muvaffaqiyatli tamomlaganlarga xalqaro standart tasniflagichi hamda Milliy malakalar ramkasining 7-darajasiga mos keluvchi davlat namunasidagi diplom beriladi.
Magistraturaga umumiy davlat buyurtmasi asosida qabul parametrlarining qisqarishi natijasida bo‘shaydigan mablag‘lar ham rezidenturani moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Magistratura bekor qilinadimi?
2027–2028-o‘quv yilidan tibbiyotdagi tor soha mutaxassisliklari bo‘yicha birlamchi va qo‘shimcha ixtisoslashtirish faqat rezidentura orqali amalga oshiriladi.
Shu sababli tor mutaxassislarni magistratura orqali tayyorlash amaliyoti bekor qilinadi.
Magistratura esa bundan keyin asosan ilmiy-pedagogik va boshqaruv kadrlarini tayyorlashga xizmat qiladi.
Magistratura o‘rinlarining 20 foizgacha bo‘lgan qismi amaldagi yo‘nalishlar uchun saqlab qolinadi.
Bundan tashqari, oliy ma’lumotga ega bo‘lgan, biroq turdosh sohalarda ta’lim olgan nomutaxassislarni ham magistratura dasturlariga qabul qilishga ruxsat beriladi.
Qisqa muddatli ixtisoslashtirish va internatura to‘xtatiladi
Joriy o‘quv yilidan qisqa muddatli qayta tayyorlash kurslari orqali tor soha mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shimcha ixtisoslashtirish hamda birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslari — internaturaga qabul qilish amaliyoti butunlay to‘xtatiladi.
Bu o‘zgarish tor mutaxassislarni tayyorlashda asosiy yo‘l sifatida rezidenturaga o‘tish bilan bog‘liq.
Oilaviy shifokorlar amaliyot bilan birga tayyorlanadi
Oilaviy tibbiyot rezidenturasi talabalari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiyot oliygohlariga biriktiriladigan oilaviy poliklinikalarda tayyorlanadi.
Bunda tibbiy xizmatlarni OTM professor-o‘qituvchilari va rezidentlar birgalikda ko‘rsatadi.
Ya’ni rezidentlar bir vaqtning o‘zida ta’lim oladi va amaliyot o‘taydi.
Nodavlat tibbiyot va ta’lim tashkilotlariga ham tor mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, o‘z mablag‘lari hisobidan rezidentura dasturlari bo‘yicha o‘qishni tashkil etishga ruxsat beriladi.
Tibbiy hamrohlik ishi uchun yangi ta’lim yo‘nalishlari ochiladi
Tizimda oliy tibbiy hamrohlik ishi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi joriy etiladi.
2027–2028-o‘quv yilidan hamshiralik ishi kasbiy ta’lim mutaxassisligi negizida tibbiy hamrohlik ishi mutaxassisligi ham joriy qilinadi.
Bu yo‘nalishlarni tamomlagan bitiruvchilarga ta’lim darajasiga qarab xotin-qizlarga hamshira, erkaklarga tibbiyot og‘asi kvalifikatsiyasi beriladi.
Oliy tibbiy hamrohlik ishi bakalavriati bo‘yicha davlat buyurtmasi asosidagi qabul parametrlari 2030–2031-o‘quv yiliga qadar har yili kamida 20 foizga oshirib boriladi.
Shuningdek, ushbu yo‘nalishda xorijiy davlatlarning rivojlangan oliy ta’lim tashkilotlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.
Ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash uchun tibbiy hamrohlik ishi bo‘yicha maxsus magistratura dasturi ham tashkil etiladi.
2027-yildan tibbiyot xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshlanadi
Prezidentning PF–192-son, 2026-yil 10-sentabrdagi farmoniga ko‘ra, 2027-yil 1-iyuldan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish orqali kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Ushbu tartib tibbiyot va farmatsevtika faoliyati amalga oshiriladigan ixtisosliklar nomenklaturasiga kiritilgan mutaxassisliklarga tatbiq etiladi.
Qaysi mutaxassisliklar davlat ro‘yxatidan maxsus imtihon bilan, qaysilari esa imtihonsiz ro‘yxatdan o‘tkazilishi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Bunda mezon sifatida mutaxassisning bemorga tibbiy ta’sir ko‘rsatish darajasi hisobga olinadi.
Barcha ma’lumotlar yagona elektron reyestrda yuritiladi
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, xodimlarning kasbiy faoliyatini monitoring qilish va ma’lumotlardan foydalanish imkonini beruvchi Tibbiyot va farmatsevtika sohasi mutaxassislarining yagona elektron reyestri yuritiladi.
Shu orqali mutaxassisning davlat ro‘yxatidan o‘tgani va uning kasbiy faoliyatiga oid ma’lumotlarni yagona elektron tizimda yuritish ko‘zda tutilmoqda.
2030-yilgacha davlat ro‘yxatidan o‘tish ixtiyoriy tartibda bo‘ladi
2030-yilgacha tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini o‘z mutaxassisligi bo‘yicha davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ixtiyoriy tartibda amalga oshiriladi.
Bunda xodimlar maxsus imtihon natijasiga ko‘ra yoki malaka toifasini olish jarayonida avtomatik ravishda 5 yil muddatga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi mumkin.
Bu davr malaka toifalari amalda bo‘ladigan o‘tish bosqichi sifatida belgilanmoqda.
Malaka toifasi berish amaliyoti bekor qilinadi
2030-yildan tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga malaka toifasi berish amaliyoti bekor qilinadi.
Shu sanadan boshlab tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi faqat davlat ro‘yxatidan o‘tgan shaxslarga 5 yil muddatga beriladi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan kasbiy faoliyat yuritish taqiqlanadi.
Biroq hozirgi malaka toifalari darhol yo‘qolib ketmaydi. 2030-yilgacha berilgan malaka toifalari ularning amal qilish muddati tugaguniga qadar saqlanadi.
Ular bilan bog‘liq ustamalar va lavozimga oid huquqlar ham tegishli muddat davomida saqlanadi.
Ya’ni yangi tizim 2030-yildan to‘liq ishlay boshlasa-da, undan oldin berilgan malaka toifalari o‘z muddatini tugatguncha amal qiladi.
Maxsus imtihondan o‘ta olmagan xodimga yana imkon beriladi
Maxsus imtihon asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak bo‘lgan amaldagi tibbiyot va farmatsevtika xodimi imtihondan o‘ta olmasa, u darhol ishdan chetlashtirilmaydi.
Bunday xodim 1 yil muddatga vaqtincha davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
Unga shu davr ichida imtihonni qayta topshirish imkoniyati beriladi va xodim ish faoliyatini davom ettiradi.
Uch yil yoki undan ko‘p ishlamagan mutaxassisga qo‘shimcha talablar
Davlat ro‘yxatidan o‘tgandan keyin o‘z mutaxassisligi bo‘yicha 3 yil yoki undan ortiq uzluksiz ishlamagan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kasbiy faoliyatini darhol davom ettira olmaydi.
Ular avval ixtisoslashuv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlashi, keyin esa o‘z mutaxassisligi bo‘yicha qayta davlat ro‘yxatidan o‘tishi kerak bo‘ladi.
Shundan so‘ng kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi.
20 yillik staj va ilmiy darajaga ega mutaxassislar imtihonsiz ro‘yxatdan o‘tadi
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilayotgan mutaxassisligi bo‘yicha kamida 20 yil ish stajiga va ilmiy darajaga ega tibbiyot va farmatsevtika xodimlari maxsus imtihonsiz davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
Bu tartib uzoq yillik ish tajribasi va ilmiy darajaga ega mutaxassislarga nisbatan qo‘llanadi.
Tibbiyot xodimlarining maoshi bo‘yicha yangi ustamalar
2027-yil 1-yanvardan tibbiyot, farmatsevtika va pedagog xodimlarining bazaviy tarif stavkalari yoki lavozim maoshlariga nisbatan yangi oylik ustamalar to‘lanadi.
Ular quyidagicha:
● oilaviy tibbiyot bo‘yicha rezidenturani tamomlagan oilaviy shifokorlar va shu yo‘nalishda magistraturani tamomlagan pedagog kadrlarga — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 4 baravari;
● magistraturani tamomlagan hamshiralar va tibbiyot og‘alariga — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2 baravari;
● bakalavriatni tamomlagan hamshiralar va tibbiyot og‘alariga — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1 baravari.
Shunday qilib, ustama miqdori xodimning egallagan ta’lim darajasi va tegishli mutaxassisligiga qarab farqlanadi.





