Eron vaqtinchalik sulhni rad etdi
Eron vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish taklifini rad etib, doimiy tinchlik va sanksiyalarni bekor qilishni talab qildi. Trampning Eronga qo‘ygan dedlayni yaqinlashmoqda.

Eron Tehron va Vashington o‘rtasida vositachilik qilayotgan Pokistonga o‘t ochishni to‘xtatish taklifi bo‘yicha o‘z javobini yubordi. Bu haqda IRNA agentligi xabar bermoqda.
Eron tomonidan taqdim etilgan reja o‘nta banddan iborat. Unda Tehron vaqtinchalik sulh taklifini rad etib, buning o‘rniga urushni butunlay to‘xtatishga erishish zarurligini bildirgan.
Shuningdek, Eron sanksiyalarni bekor qilishni va Xo‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalarning xavfsiz o‘tishi uchun protokol yaratishni talab qilmoqda.
«Reuters» agentligi avvalroq, 6-aprel kuni Pokiston AQSH va Eronga tinchlik rejasining o‘z variantini taqdim etgani haqida yozgan edi. Unda o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatish va kengroq tinchlik shartnomasini muhokama qilish uchun 15-20 kun davom etadigan faol muzokaralarni boshlash ko‘zda tutilgan.
«Axios» nashrining xabar berishicha, AQSH va Eron mintaqaviy vositachilar ishtirokida 45 kunlik muddatga o‘t ochishni to‘xtatish shartlarini ham muhokama qilishmoqda. Nashr buni «jiddiy keskinlikning oldini olishga bo‘lgan so‘nggi urinish» deb atagan — uning ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH va Isroilda Eron energetikasiga ommaviy zarbalar berish rejasi allaqachon tayyorlab qo‘yilgan.
AQSH Prezidenti Donald Tramp, agar Tehron yaqin orada Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovini ochmasa, Eron boshiga «do‘zax yog‘ilishi»ni va’da qilgan edi. Tramp belgilagan muhlat chorshanbaga o‘tar kechasi, 8-aprel kuni tugaydi.





