
Eron yadroviy kelishuvga rozi, ammo bir sharti bor
05.06.2025 | 11:206993
Eron va AQSH o‘rtasidagi yadroviy kelishuv muzokaralari yana faollashdi. Tehron bu kelishuvga rozi bo‘lishini bildirdi, ammo sanksiyalar bekor qilinishiga kafolat talab qilmoqda.

Eron rasmiylari mamlakat yadroviy dasturi bo‘yicha AQSH bilan kelishuvga qaytishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Ammo bu safar Tehron Vashingtondan asosiy shart sifatida sanksiyalar butunlay va qaytib kelmaslik shaklida bekor qilinishiga kafolat talab qilmoqda. Bu haqda Eron rasmiylari ma’lum qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Tehron Vashington tomonidan avvalgi tajriba sababli ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda. Ilgari imzolangan kelishuvni Donald Tramp ma’muriyati bekor qilgani eronlik rasmiylarda yangi kelishuvga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otgan. Endi esa ular xalqaro darajada huquqiy kafolatlar talab qilmoqda.
Muzokaralar davomida AQSH va Eron hali aniq natijaga erisha olmagan. Vashington kelishuv doirasidagi cheklovlar va kuzatuv mexanizmlari qayta tiklanishini xohlamoqda. Eron esa o‘z iqtisodiyotini qutqarish uchun sanksiyalardan butunlay qutulishga intilayapti.
Tahlilchilarga ko‘ra, Tehronning talablari AQSH uchun og‘ir siyosiy qaror bo‘lib, Kongress va ichki siyosiy raqobat sharoitida buni amalga oshirish mushkul. Ammo agar kelishuv amalga oshsa, u nafaqat Eron iqtisodiyotiga, balki Yaqin Sharqdagi vaziyatga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Xabarda ta’kidlanishicha, muzokaralar davom etadi va kelishuvning amalga oshishi Vashingtonning qadamlariga bog‘liq bo‘ladi.





