
Eron Zangezur loyihasini to‘xtatib, Erdo‘g‘an rejalariga to‘sqinlik qildi
11.06.2025 | 12:2044893
Eron «Zangezur koridori» loyihasi amalga oshishiga yo‘l qo‘ymasdan, o‘zining mintaqaviy manfaatlarini himoya qildi. Bu haqda Eron Oliy rahbari Ali Xomanaiyning xalqaro masalalar bo‘yicha maslahatchisi Ali Akbar Viloyatiy Tasnim agentligiga bergan intervyusida ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, koridor Naxichivon orqali Ozarboyjonni Armaniston hududi orqali bog‘lashni ko‘zlagan, ammo amalda Eronning Yevropa bilan quruqlikdagi aloqasini cheklash, mintaqani bo‘lish va Turkiya ta’sirini kuchaytirish maqsadida ishlab chiqilgan geosiyosiy ssenariy bo‘lgan. Viloyatiyning ta’kidlashicha, Eron o‘z vaqtida bu rejaning mohiyatini anglab yetdi va qat’iy choralar ko‘rish orqali uni yo‘qqa chiqardi.
Uning fikriga ko‘ra, bu sa’y-harakatlarda Tehron Moskva yordamiga tayanmagan va to‘liq mustaqil ravishda harakat qilgan. Shu bilan birga Eronning bu pozitsiyasi Rossiya manfaatlarini ham himoya qilgan, chunki koridor uni ham Janubiy Kavkazdan siqib chiqarishga xizmat qilishi mumkin edi.
Viloyatiy buni faqat transport loyihasi deb emas, balki NATO ta’siri, tashqi aralashuv va mintaqada kuchlar muvozanatiga tahdid soluvchi katta geosiyosiy o‘yin deb atadi. Eronning bu mintaqadagi ishtiroki, uning fikricha, milliy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash uchun strategik qalqon hisoblanadi.
Tehron bu harakatlari bilan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning mintaqani o‘z ta’siri ostiga olish va Eronni raqib sifatida cheklash rejalarini barbod etganini bildirdi. Viloyatiy fikricha, «Zangezur koridori»ning barbod bo‘lishi mintaqada suverenitet va kommunikatsiya erkinligini himoya qilishda Eron qat’iy pozitsiyada ekanini ko‘rsatdi.





