add

Eronda 710 ming yildan keyin Taftan vulqoni qayta faollashdi

20.10.2025 | 09:382894 daqiqa

Janubiy-sharqiy Eronda joylashgan Taftan vulqoni 710 ming yillik sukutdan keyin gazlar chiqara boshladi. Olimlar uni «zombi-vulqon» deb atashmoqda va ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishni tavsiya etmoqda.

Eronda 710 ming yildan keyin Taftan vulqoni qayta faollashdi
Eronning Siiston va Balujiston viloyatlari chegarasida joylashgan 3940 metrli Taftan vulqoni 710 ming yildan keyin qayta faollik belgilariga ega bo‘ldi. Daily Mail nashrining xabar berishicha, oxirgi 10 oy ichida vulqon tekisligi 9 santimetrga ko‘tarilgan. Xalqaro olimlar guruhi (Xitoy, Germaniya va Ispaniyadan) ushbu holatni Geophysical Research Letters jurnalida e’lon qilingan tadqiqot orqali tasdiqladi. Mutaxassislar Taftanni «zombi-vulqon» deb atashmoqda — ya’ni uzoq vaqt faol emasdek ko‘ringan, lekin keyinchalik qayta jonlanayotgan vulqonlar turiga kiradi. Ular seysmik silkinishlar, gaz chiqishi yoki yer yuzasidagi deformatsiya orqali o‘z faolligini namoyon etadi. Vulkanolog Pablo Gonsales ta’kidlashicha, Taftanni «so‘ngan» emas, balki «uxlab yotgan» vulqon sifatida baholash kerak. Uning so‘zlariga ko‘ra, yer ostidagi bosim hali ham ortib bormoqda va bu kelgusida zaif yoki kuchli energiya portlashiga olib kelishi mumkin. Hozir vulqon sutkasiga taxminan 20 tonna oltingugurt qo‘shoksidi, shuningdek vodorodli oltingugurt, ftorli vodorod va suv bug‘ini chiqarmoqda. Sunxiy yo‘ldosh kuzatuvlari natijasida olimlar yer yuzasi ko‘tarilishini 2023 yil iyulidan 2024 yil mayigacha bo‘lgan davrda aniqlagan. Bu ko‘tarilish yomg‘ir yoki zilzila natijasi emas, balki yer ostidagi gidrotermal tizimdagi o‘zgarishlar yoki magmaning chuqurlikdan yuzaga siljishi bilan bog‘liq ekani aytilmoqda. Ta’kidlanishicha, Taftan vulqonida 490–630 metr chuqurlikda hali ham yuqori bosim saqlanib turibdi. Agar u kamayganida, tog‘ qiyofasi avvalgi holatiga qaytgan bo‘lar edi. Mutaxassislar Eron hukumatini vulqonni doimiy monitoring qilishga va uni «uxlab yotgan» vulqon sifatida qayta tasniflashga chaqirdi.

Teglar

Mavzuga oid