
Eronda ayollarga ko‘chaga hijobsiz chiqishni taqiqlovchi qonun bekor qilindimi?
2025-yil oktabr boshida ijtimoiy tarmoqlarda Eronda ayollar uchun hijob ortiq majburiy emasligi haqida xabarlar tarqaldi. Bu ma’lumotlar ishonarlimi?

Eronda hijob taqish talabi Islom inqilobidan so‘ng joriy etila boshlangan. 1979 yil mart oyida davlat idoralarida ishlovchi ayollar uchun hijob majburiy qilib belgilangan. Oyatullo Xumayniy o‘shanda shunday degan: «Ayollar hijobda bo‘lsa, ishlashda hech qanday to‘siq yo‘q».
Keyingi yili bu talab faqat davlat xodimalariga emas, balki tashkilotga tashrif buyuruvchi ayollarga ham tegishli bo‘ldi. 1981 yil iyulidan esa hijob barcha jamoat joylarida majburiy qilib belgilandi.
1983 yili Eron Jinoyat kodeksiga tegishli modda kiritilib, hijobsiz jamoat joylarida ko‘ringan ayollar 74-marta darra bilan jazolanishi mumkinligi qayd etildi. Mamlakatda ayollar kiyinish tarzi ustidan nazorat olib boruvchi maxsus patrullar («axloq politsiyasi») tuzildi.
Eron ayollari hijob taqishga qarshi bir necha marta norozilik namoyishlari uyushtirishgan. 2022 yilda Mahsa Aminiyning vafotidan keyin mamlakatda keng ko‘lamli norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Aminiy axloq politsiyasi tomonidan qo‘lga olingan va hibsxonada kaltaklanish natijasida vafot etgan. Shundan so‘ng ayollar ommaviy ravishda hijobdan voz kecha boshlashdi. Agar 2019 yilda aholining 71 foizi hijobning majburiyligini qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, Aminiyning vafotidan so‘ng bu ko‘rsatkich keskin pasaygan.
Bunga javoban konservativ doiralar hijob va hayo madaniyatini targ‘ib qilish orqali oila institutini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Unda jinoyat kodeksidan ham og‘irroq jazolar ko‘zda tutilgan edi. Masalan, shaxsiy avtomobil ichida ham hijobsiz yurish taqiqlangan, internetda hijobsiz suratlar tarqatish ham nazorat qilinadigan bo‘lgan. BMT bu qonunni ayollar sha’nini kamsituvchi va repressiv deb atagan. Shunga qaramay, Eron parlamenti ushbu qonunni qabul qilgan — 185 deputat «ha» deb ovoz bergan, faqat 30 nafar deputat qarshi chiqqan.
Biroq keyinchalik qonun qabul qilinishida to‘xtalish yuz berdi. Eronning Konstitutsiyani himoya qilish kengashi (parlamentdan yuqori turuvchi organ) qonun matnidagi noaniqliklar va hatto imlo xatolari sababli uni bir necha marta qayta ko‘rib chiqishga qaytardi. Kengash alal-oqibatda qonunni ma’qullagan bo‘lsa-da, Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon uni imzolashdan bosh tortgan.
«Jamiyatda nizo va noxushlik keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan qonunni qanday amalga oshirishni bilmayman», deya o‘z qarorini tushuntirgan Pizishkiyon.
Shu sababli deyarli bir yildan beri qonun kuchga kirmay turibdi: parlament undan foydalanishni talab qilsa, hukumat unga o‘zgartirish kiritish lozimligini ta’kidlamoqda.
Shu bahs davomida, ehtimol, hijob taqishning bekor qilingani haqidagi xabarlarga asos bo‘lgan bayonotlardan biri 3-oktabr kuni aytildi. Eron manfaatlar muvofiqlashuv kengashi a’zosi Muhammad Rizo Bahonar parlamentdagi qonunni amaliyotga joriy etishning huquqiy asosi yo‘qligini ma’lum qildi. U shunday dedi: «Kimdir hijob majburiy bo‘lishini xohlagan. Lekin men boshidanoq buni qo‘llab-quvvatlamaganman — hozir ham majburiy hijobga ishonmayman. Hijob bo‘yicha majburiyat kuchda emas».
Biroq Bahonarning bu gaplari Jinoyat kodeksidagi yuqorida tilga olingan moddaga taalluqli emas. 74 darralik jazo hamon amalda. Biroq so‘nggi yillarda ko‘pgina ayollar bu qoidalarga rioya qilmayapti. Iran Open Data mustaqil loyihasining 2023 yilgi tadqiqotiga ko‘ra, so‘rovda qatnashgan ayollarning 86 foizi ba’zan hijobsiz holda jamoat joylarida ko‘rinishini aytgan. Shu bilan birga, hukumat hali ham bu ayollarni jazolashda davom etmoqda: inson huquqlari tashkiloti HRANA ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda 30 mingdan ortiq ayol hijob qoidalariga rioya qilmagani uchun ta’qib qilingan.
Eronda hijob bekor qilinganiga oid aniq tasdiqlovchi ma’lumotlarni inson huquqlari himoyachilari saytlaridan topilmadi. Ammo ko‘chalarda hijobsiz yurgan ayollar ortiq jazolanmaydi, degan ma’lumot ham yo‘q.
Shu mavzuda tarqatilayotgan videolarga kelsak, ulardagi ayrim belgi va yozuvlar voqea Eronda bo‘layotganini tasdiqlashi mumkin. Biroq videolar bir necha alohida parchalardan montaj qilingan. Ularning birortasi alohida holda internetda mavjud emas. Shuningdek, videodagi ko‘p ayollar juda tor kiyim va qorni ochiq toplarda ko‘ringan — bu hatto hijobsiz yuradigan ko‘pgina eronliklar uchun ham noodatiy hol.





