add

Eronda millionlab afg‘onistonliklar mamlakatdan chiqarib yuborilmoqda

07.07.2025 | 09:0037774

Eron hukumati millionlab afg‘onistonlik migrantlar va qochqinlardan mamlakatni tark etishni talab qildi. Belgilangan muddat — 7 iyul. Ushbu talabga bo‘ysunmaganlar qo‘lga olinishi va majburiy deportatsiya qilinishi mumkin.

Eronda millionlab afg‘onistonliklar mamlakatdan chiqarib yuborilmoqda
Bu qaror mamlakatda Isroil bilan 12 kunlik to‘qnashuvlar va AQSHning Eron yadroviy ob’ektlariga havo hujumlaridan so‘ng xavfsizlik choralari kuchaytirilgan bir paytda qabul qilindi. «Al Jazeera»ning yozishicha, mamlakatda aksilmigrant kayfiyatlar va qattiq nazorat ortib bormoqda. 2023 yildan beri Eron «noqonuniy» xorijliklarni chiqarish bo‘yicha kampaniya olib bormoqda. Joriy yil mart oyida hukumat qonuniy yashash huquqisiz afg‘onistonliklarga 6 iyulga qadar o‘z xohishi bilan mamlakatni tark etish uchun muddat bergan edi. Xalqaro migratsiya tashkiloti (IOM) ma’lumotlariga ko‘ra, shu kungacha 700 mingdan ortiq afg‘onistonlik Erondan chiqib ketgan, ularning 230 mingdan ziyodi iyun oyida vataniga yuborilgan. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil bilan to‘qnashuvlar paytida Eron bir kunda 30 minggacha afg‘onistonlikni chiqarib yuborgan — bu esa oldingi 2 ming nafarlik ko‘rsatkichdan ancha ko‘p. Ayni paytda Eronda taxminan 4 mln afg‘onistonlik yashaydi, ularning ko‘pchiligi mamlakatda ko‘p yillardan beri istiqomat qilib keladi. Restoran egasi Batul Akbariyning so‘zlariga ko‘ra, afg‘onistonliklar o‘z uylaridan mahrum etilmoqda: «Biz shu yerda tug‘ilganmiz. Afg‘oniston — ota-onalarimizning yurti, Eron esa bizning uyimiz». BMTning Afg‘onistondagi vakili Arofat Jamolning aytishicha, chegarada avtobuslarda zaiflashgan va hech nimaga ega bo‘lmagan odamlar ko‘p. OTM talabasi Muhammad Nasim Mazohiriyning ta’kidlashicha, deportatsiyalar oilalarni parchalayapti. Eron rasmiylari repressiya ayblovlarini rad etadi, biroq mahalliy va xalqaro kuzatuvchilar afg‘onistonliklar iqtisodiy muammolarda ayblanayotganini qayd etadi. Xususan, Isroilning go‘yoki ba’zi afg‘onistonliklarni josus sifatida yollagani haqidagi mish-mishlar vaziyatni yanada keskinlashtirgan.

Teglar

Mavzuga oid