
Eronda valuta kursi qulashi ortidan ommaviy noroziliklar kuchaymoqda
Eronda rial kursi qulashi va inflatsiya bosimi ortidan boshlangan namoyishlar 2022 yildan beri mamlakatdagi eng ommaviy chiqishlar deb baholamoqda.

Eronda to‘qqiz kundan beri davom etayotgan ommaviy norozilik namoyishlarida kamida 35 kishi halok bo‘ldi, 1200 dan ortiq fuqaro hibsga olindi. Bu haqda Deutsche Presse-Agentur (dpa) agentligi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dekabr oxirida boshlangan noroziliklar kamida 88 shaharni qamrab olgan. Aksiyalar Eronning 31 viloyatidan 27 tasida qayd etilgan bo‘lib, ayrim hududlarda xavfsizlik xodimlari namoyishchilarga nisbatan kuch ishlatgan. Ayniqsa, kichik aholi punktlaridagi namoyishlar keskin tus olgani qayd etilmoqda.
Bu holat yirik shaharlarda, jumladan Mashhad va poytaxt Tehronda yangi chiqishlarga turtki bergan. Namoyishlarga mamlakat bo‘ylab kamida 17 ta oliy ta’lim muassasasi talabalari qo‘shilgan. OAVlar xabar qilishicha, javoban kuch tuzilmalari universitet kampuslarida reydlar o‘tkazgan. Umuman olganda, mamlakatda boshlangan noroziliklar 2022 yildan beri Eron uchun eng ommaviysi bo‘ldi. O‘shanda fuqarolar noroziligiga 22 yoshli Mahsa Aminiy «axloq politsiyasi» tomonidan ushlanganidan so‘ng vafot etgani sabab bo‘lgan edi.
Huquq himoyachilari ma’lum qilishicha, halok bo‘lganlarning 29 nafari namoyishchilar, to‘rt nafari bolalar, ikki nafari esa xavfsizlik kuchlari xodimlaridir.
Ko‘hdesht shahridagi namoyishda Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK)ga bo‘ysunuvchi «Basij» harbiylashtirilgan tuzilmasi ishtirokchisining 21 yoshli a’zosi o‘ldirilgan.
5-yanvar kuni sud hokimiyati vakillari namoyishlar paytida hibsga olinganlarga nisbatan yengillik qilinmasligini ma’lum qildi. Shu bilan birga, 2025 yil davomida mamlakatda qariyb ikki ming kishi qatl etilgani aytilmoqda.
Noroziliklarning asosiy sababi sifatida iqtisodiy inqiroz ko‘rsatilmoqda. 29-dekabr kuni rial tarixiy eng past darajaga tushdi, giperinflyatsiya esa aholi xarid qobiliyatini keskin pasaytirdi. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, oktabr oyida Eronda oziq-ovqat inflyatsiyasi 64,2 foizga yetgan.
Avvalroq Vaqt.uz Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy mamlakatda norozilik namoyishlari nazoratdan chiqsa, Rossiyaga qochib ketishi mumkinligi haqida xabar bergan edi. Manbalarga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari namoyishlarni to‘xtata olmasa yoki buyruqlarni bajarishdan bosh tortsa, amalga oshiriladigan zaxira reja tayyor holda turibdi.





